Taniqli raqs ustasi Yulduz Ismatova tavallud topgan kun
1944-10-31

Yulduz Ismatova Taniqli raqs ustasi 1944 yil 31 oktyabrda Toshkentda iqtidorli kino va teatr aktyori Asad Ismatov xonadonida dunyoga keldi. Yulduz Ismatova 1968 yilda o'zbek xoreografiya bilim yurtini tugatgan. U bilim yurtida o'qib yurgan davrida – 1963 yili Muqumiy nomli musiqali drama va komediya teatriga raqqosa bo'lib ishga kiradi. 1963 yildan 1988 yilgacha barcha spektakllarda yakka raqslarni ijro etadi. Yulduz Ismatovaning “Nurxon”, “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Paranji sirlari”, “Sevgi xiyoboni”, “Qalam qoshligim” spektakllaridagi yakka raqslari va konsert repertuariga kirgan “Munojot”, “Tanovar”, “Zavqim kelur”, “Orazbon lazgi”, “Gulnor”, “Sayyora”, “Raqqosa”, “Gulchi qiz”, “Raqiblar”, arabcha, hindcha, afg'oncha raqslari tomoshabinlarni maftun etdi. Yulduz Ismatova o'z konsert dasturi bilan Laos, Kambodja, Hindiston davlatlariga ijodiy safarga bordi, 1969 yili sobiq Germaniya Demokratik Respublikasida gastrolda bo'ldi. Yulduz Ismatova 1976 yilda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda A. N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutining aktyorlik fakulьtetini tugatadi. Bu yillar davomida u spektakllarda aktrisa sifatida rollar xam ijro etadi. “Qaynona”dagi Ofat, “Yolg'onchi darkor”dagi Pisa-Kisa, “Xotinimning eri”dagi Zarifa, “Nurxon”dagi Qumri, “Yarim tundagi o'g'irlik” spektaklidagi Sisa, “Xijron”dagi Charlьton, “Gulbahor qani?”dagi Hadicha, “Toshbolta oshiq”dagi Saltanat, “Jonim fido”dagi Valya, “Mening jannatim”dagi Nodira, “Ona qizim”dagi Go'zal, “Qiz buloq”dagi Ohu, “Oddiy mo''jiza”dagi Malika va boshqa obrazlar shular jumlasidandir. Yulduz Ismatova shu davrda baletmeystr sifatida ham ijod qildi. “Layli va Majnun”, “Olifta”, “Mangulik”, “Gulsara”, “Tohir va Zuhra”, “Paranji sirlari”, “Nurxon” spektakllari uchun raqslar sahnalashtirdi va qator konsert dasturlari uchun yangi raqslar, yallalar, maqomlar yaratdi. Yulduz Ismatova 1984 yilda ishdan ajralmagan holda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik san'ati institutining rejissyorlik fakulьtetini bitirgach, teatrda ham raqqosa, ham aktrisa, ham baletmeystr sifatida ijod qilib, “Dilafro'zga to'rt oshiq”, “Oltin davrim”, “Olifta”, “Yulduzlar jamoli”, kabi spektakllarni rejissyor sifatida sahnaga qo'ydi. Teatr uning ijodiga, g'ayratiga torlik qildi shekilli, 1988 yilda O'zbekiston Teleradiokompaniyasida “Tanovar” milliy raqs ansamblini tashkil qilib, O'zbekiston Respublikasida birinchi bor milliy raqs teatrini (ya'ni milliy baletini) yaratdi. Yulduz Ismatova spektakllar bilan bir qatorda konsert dasturlarini ham sahnalashtirdi. U 1988-1989 yillarda “Munojot” (yakka raqs), “Tanovar”, “Parvoz ayladi”, “Xorazmcha”, “Doira chorlaydi”, “Soqinomai savti kalon”, “Indra Gandiga bag'ishlov” kabi yakka raqslar yaratdi. Yulduz Ismatovaning o'zbek raqs san'ati ravnaqidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. U 1995 yil yanvarь oyida Mukarrama Turg'unboeva nomidagi mukofat sovrindori bo'ldi. 1995 yil avgustida “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi” unvoni bilan mukofatlandi. 1998 yilda “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Ma'lumot: Milliy teatrimiz namoyondalari.