Qodirov Ayub (1918.10.5,
Buxoro-1981, Toshkent)
- sozanda (nay), O’zbekiston xalq artisti (1970). Toshkent
konservatoriyasini tugatgan (1956). Buxoroda Ma’rufjon Toshpo’latov, Ostonaqul
Nurjonov va Usta Tohir-sozgarlardan nay chalish usullarini, o’zbek va tojik
mumtoz kuylarini o’rgangan. Buxoro musiqa bilim yurtida o’qituvchi hamda Yosh
tomoshabinlar teatrida musiqa rahbari (1934-1936), O’zbek davlat
filarmoniyasida xalq cholg’u orkestri (1936-1938, 1950-1956, 1968-1974),
Tamaraxonim ansambli (1938-1946) da sozanda, “Shodlik” ansamblida musiqa
rahbari (1956-1957, 1966-1968), Toshkent musiqa bilim yurtida pedagog (1978
yildan). Ijro uslubi mukammal texnikasi, asar mazmunini chuqur his qilishi, nay
ifoda vositalaridan keng foydalanishi, ijro erkinligi bilan ajralib turadi.
Repertuaridan “Farg’onacha”, “Subhidam”, “Cho’li iroq” , “Chaman yalla”,
“Segoh”, “Qaytarma”, “Tong oromi”, “Chorgoh” kabi xalq va mumtoz kuylar o’rin
olgan. Osiyo va Yevropa mamlakatlarida gastrolda bo’lgan.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent.2005.