A'zamov Yo’ldosh
(1909.10.5 - Toshkent - 1985.16.6) - aktyor va kinorejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san'at
arbobi (1965). O’zbekiston xalq artisti (1970). «Sovkino», «Vostokkino»,
«O’zbekfilm»larda ishlagan. U aktyor sifatida Yu. Rayzmanning «Yer chanqog’i»
(1930), N. G’aniyevaning «Yuksalish» (1931) filmlaridagi Qurbongeldi va
mexanik obrazlarini yaratgan. «Tohir va Zuhra» (1945) badiiy filmiga ikkinchi
rejissyor bo’ldi. Urushdan keyingi yillarda esa hujjatli-xronikal filmlar
(«Xalq qizlari», «Toshkent MESi) ishladi. Birinchi mustaqil badiiy filmi
«Qilich» (1934). Toshkent Yosh tomoshabinlar teatrida rejissyor sifatida bir
qancha pyesalarni sahnalashtirgan. A’zamov kinorejissyor sifatida «Gulbahor»
(1956). «Maftuningman» (1958), «Furqat» (1959), «Istiqbol yo’li» (1961), «Oydin
sahifa» (1965), «Sayyod Qo’ng’irog’i» (1966), «O’tgan kunlar» (1969), «Olovli
so’qmoqlar» (1971), «Mehrobdan chayon» («Zulmatni tark etib...», 1973), «Odamlar
tashvishida» (1976), «Ota nasihati» (1979), «Katta va qisqa hayot» (1981),
«Parol", «Regina» mehmonxonasi» (3. Rayzman bilan hamkorlikda, 1984) va boshqa
filmlarni yaratdi. A’zamov ijodida o’zbek xalqining tarixiy va zamonaviy hayoti
sahifalarini milliy ruhda ko’rsatishga intilish ko’proq seziladi. Aktyorlar
bilan obrazlar ustida chuqur ishlash, barcha harakatlarni qahramon harakteri va
ichki dunyosini ochib berishga qaratish rejissyor ijodiga xos. Hamza nomidagi
O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1972).
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2000.