
Alibek Rustamov (1931.15.5, Yangiyo’l shahri) – manbashunos – tilshunos olim. O’zbekiston FA akad. (1995), filologiya fanlari doktori (1968). O’rta Osiyo universiteti sharq fakultetining eron-afg’on bo’limini tugatgan (1955). Shu universitetning tilshunoslik kafedrasida laborant (1956-1957), aspirant (1957-1959), o’qituvchi (1960). O’zbekiston FA Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi (1960-1961), ToshDU sharq fakulteti dotsenti (1961-1965), Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti umumiy tilshunoslik kafedrasining mudiri (1965-1990), Toshkent sharqshunoslik instituti turkiyshunoslik kafedrasining mudiri (1991-1999), kafedra professori (2000 yildan). Rustamov asarlari turkiyshunoslik hamda umumiy tilshunoslikning amaliy va nazariy masalalariga, qadimgi turkiy (o’zbek) tili va yozuvi, Navoiy asarlari tilini o’rganishga, uslub va uslubshunoslik, aruz she’r tizimi, mumtoz adabiyot terminlari tadqiqiga bag’ishlangan. U shuningdek, ilmiy va badiiy tarjima bilan shug’ullanadi (masalan, Atoulloh Husayniyning “Badoye us-sanoye” asarining forschadan o’zbekchaga, Alisher Navoiyning “Mahbub ulqulub” asarining ruschaga tarjimasi); “O’zbek tilining izohli lug’ati”ni (1981) tuzishda qatnashgan.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2004.