Uilyam
Petti (1623.26.5, Romsi
shahri, Xempshir – 1687.16.12, London)
– ingliz klassik siyosiy iqtisodining asoschisi. Leyden,
Parij va Oksford universitetlarida tibbiyotdan ta’lim olgan. U serqirra
qobiliyatga ega bo’lib 1647 yilda nusxa ko’paytiradigan mashina ixtiro qilgan.
1649 yilda fizika doktori ilmiy darajasini olgan, 1651 yilda musiqa va
anatomiyadan professor Petti yirik yer egasi edi. Petti Angliyada 17-asrda
bo’lib o’tgan burjua inqilobidan keyin o’z hokimiyatini mustahkamlab olgan ingliz
burjaziyasining nazariyotchisi sifatida tanildi. “Soliqlar va yig’imlar
haqidagi risola” (1662), “So’z donishmandlarga” (1665) “Irlandiyaning siyosiy
anatomiyasi” (1672), “Pul haqida so’z” (1682), “Siyosiy arifmetika” (1683) kabi
asarlarida qiymatning mehnat nazariyasini asoslab berdi. Petti
merkantilistlardan farqli ravishda, boylik manbai muomala sohasida emas, ishlab
chiqarishda deb hisoblagan. Petti jamiyatning iqtisodiy taraqqiyotini ob’ektiv
qonunlarga bog’liq deb qaraydi, lekin ijtimoiy va iqtisodiy qonunlar tabiat
qonunlariga o’xshash abadiy va o’zgarmasdir, deb izohlaydi. Petti iqtisodiy
hodisalarni tahlil qilishda tabiatshunoslik fanlarining tadqiqot usullaridan
foydalandi va uni statistik tahlil bilan to’ldirdi. Petti mehnatning qiymat
nazariyasini birinchi bo’lib asoslab bergan. Pettining “Mehnat boylikning
otasi, yer esa uning onasidir” degan fikri butun dunyo iqtisodchilari tomonidan
tan olinadi. Petti tovarlar qiymatini ularni ishlab chiqarish uchun sarflangan
mehnat bilan aniqlash nuqtai nazaridan qo’shimcha qiymatning kelib chiqishi
muammosini hal etishga urindi. Uning fikriga ko’ra, renta qo’shimcha qiymatning
umumiy shakli bo’lib, yer rentasi va pul rentasi (foiz) tarzida namoyon
bo’ladi. Petti differensial yer rentasi muammosini iqtisodchi olimlar orasida
birinchi bo’lib o’rgandi, yerning bahosi to’g’risidagi masala ham Petti
tomonidan ilmiy jihatdan to’g’ri qo’yildi. Petti davlat statistika xizmati
tuzish zarurligi masalasini ko’tardi va statistik ma’lumot to’plashning ayrim
yo’nalishlarini belgilab berdi.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2004.