
Pushkin Aleksandr Sergeyevich
[1799.26.5 Moskva – 1837.29.1(10.2), Peterburg] – rus yozuvchisi, yangi rus
adabiyotining asoschisi. Otasi Sergey Lvovich qadimgi dvoryanlar qavmidan,
onasi Nadejda Osipovna esa Pyotr I qo’lida tarbiya ko’rgan habash – A. P.
Gannibalning nabirasi bo’lgan. Pushkinda nafis so’zga mehr – muhabbatning paydo
bo’lishida rus xalq qo’shiqlari hamda ertaklarini yaxshi bilgan enagasi Arina
Rodionovnaning ta’siri, ayniqsa, kattadir. O’sha davrning eng nufuzli o’quv yurtlaridan
biri – Peterburg yaqinidagi Sarskoy selo (hozirgi Pushkin shahri) litseyida
o’qish (1811 – 1817) Pushkinning shoir va erksevar inson sifatida
shakllanishida muhim omil bo’lgan. Pushkin litseyni tugatgach, Peterburgga
ko’chib borgan va tashqi ishlar kollegiyasida kotib lavozimida ishlagan. U
Peterburgda xizmat qilgan yillar (1817 – 1820) Rossiyaning tarixiy taraqqiyoti
uchun muhim bir davr edi. Pushkinning dastlabki she’rlari 1913 yilda matbuot
yuzini ko’rdi. U letseyda o’qib yurgan kezlarida 120ga yaqin she’r va 2 doston
(tugallanmagan) yozadi. Litsey bilan xayrlashuv kechasiga bag’ishlangan she’ri
esa shu kechada qatnashgan G. R. Derjavinning yuksak bahosiga sazovor bo’lib
yetishishini bashorat qiladi. Keyinchalik Pushkin rus jamiyatida uyg’onib borayotgan
erksevarlik kayfiyati ta’sirida “Erkinlik” (1817), “Chadayevga” (1818),
“Qishloq” (1819) singari she’rlarni yaratdi. Pushkinga qadar rus she’riyatida
qasida, marsiya, xat singari har bir she’riy janr klassisizm tomonidan
belgilangan qat’iy qonun – qoidalar asosida yozilgan. Pushkin litsey
lirikasidan farqli o’laroq Peterburg davri ijodida she’riy janrlar o’rtasidagi
va uslubiy farqlarni bartaraf etib, rus she’riyati taraqqiyoti uchun yangi
badiiy ufqlarni ochib bergan (“Ruslan va Lyudmila”, 1820). Pushkin ijodining
tadrijiy yo’lini shartli ravishda 4 bosqichga ajratish mumkin. Agar 1813 – 1816
yillarni o’z ichiga olgan 1 – bosqichda Pushkin o’z zamondoshlarining badiiy
tajribasini o’zlashtirgan bo’lsa, 2 – bosqich (1817 – 1820)da Pushkin ijodining
g’oya va mavzular olami kengayib, u o’z uslibiga erishish yo’lida badiiy
izlanishlar olib borib, kitobiy til bilan jonli xalq tilini o’zaro
yaqinlashtirgan. Shoirning 1820 – 1824 yillar ijodida (3-bosqich) romantizm
ustuvorlik qildi. Ammo ko’p o’tmay, Pushkin qahramonni poetiklashtirish va
voqyelikni ehtiros bilan tasvirlashda davom etgan holda romantik tasvir
metodidan chekindi. Pushkin ijodining 1925 yildan boshlangan 4 – bosqichida
obrazlar va mavzular ko’lamini chegaralashning har qanday ko’rinishini rad
etuvchi, fikr bilan tuyg’uni, haqiqatni tadqiq etish bilan “jonli tasavvur”ni
o’zaro uyg’unlashtirishga asoslangan realistik tizimni ishlab chiqdi. Pushkinning
rus jamiyatidagi erksevar kuchlar ta’sirida yozilgan zulm va krepostnoylikni
fosh etuvchi she’rlari chor hukumatida norozilik kayfiyatini uyg’otdi. 1819
yilda Pushkinning “Yashil chiroq” to’garagida ishtirok etishi esa Aleksandr I
ni nihoyatda g’azablantirdi. U 1820 yil mayida Pushkinni Ekaterinoslavga surgun
qildi. Shoir Ekaterinoslavga yetib kelishi bilan xastalikka yo’liqadi va
ittifoqo shu yerda qo’noqda bo’lgan general N. N. Rayevskiyning oilasi bilan
birga dastlab Kavkazga, keyin Qrimga yo’l oladi. Rossiyaning janubida yashash
Pushkin ijodida yangi davrning boshlanishiga imkon berdi. U dastlab J. Bayron
ta’sirida romantik dostonlarini yozdi. Pushkin romantizmining ilk namunasi –
“Kavkaz asiri” dostoni (1820 – 1821) 20 – yillardagi erksevar yoshlar
kayfiyatini ifodalagani uchun ular o’rtasida katta muvaffaqiyat qozondi.
Pushkin voqyelikni romantik buyoqlar bilan tasvir etishda davom etib, “Aka –
uka qaroqchilar” (1821 - 1822) va “Boqchasaroy fontani” (1923) dostonlarini
yaratdi. “Lo’lilar” dostoni esa Pushkinning ijodiy tadrijida ro’y bergan jiddiy
burilishning samarasi bo’ldi. Pushkinning romantik
dostonlari va shu yillar lirikasi («Demon», «Dengizga») yagona g’oyaviy-badiiy
yo’nalishga ega bo’lib, ular psixologik tasvirning teranligi, ruhiy olam,
tabiat va tevarak-atrofdagi hayotiy hodisalar o’rtasidagi aloqalarning
rang-barangligi bilan ajraladi. 1824 yil Pushkin xizmat vazifasidan ozod
etilib, Mixaylovskoy qishlog’i (Pskov)ga surgunga yuboriladi. Ikkinchi marta
tazyiqqa uchragan shoir qisqa muddatli ruhiy ezilishdan so’ng mutolaaga
berilib, shu atrofdagi aholining ertak va qo’shiqlarini to’playdi, «Boris
Godunov» tragediyasi (1825), «Graf Nulin» dostoni, «Quronga tatabbu», «Andrey
Shenye», «19 oktyabr» va boshqa mashhur she'rlarini yozadi, «Yevgeniy Onegin»
she'riy romani ustidagi ishni davom ettiradi. «Boris Godunov» Pushkinning
dramaturgiya sohasidagi dastlabki tajribasi bo’lsa-da, shoir unda Shekspir
an'analariga tayangan holda dramatik san'atning yangi yo’llarini kashf etadi,
xalq bilan hokimiyat o’rtasidagi munosabatni asar markaziga olib chiqadi.
«Boris Godunov»ni yaratish asnosida ishlab chiqilgan badiiy tamoyillar
(tarixiylikka intilish, insoniy kechinmalarni barcha ranglari bilan mujassamlashtirish,
xarakterlarga xos hayotiy murakkablikni ochish) Pushkinning keyingi ijodida o’z
samaralarini berdi. 20-yillar oxiri - 30 yillar boshlarida Pushkin ijodida
realizm tantana qilib, u «Graf Nulin»dan tashqari, «Poltava» (1828-1829),
«Kolomnadagi uy» (1830), «Mis chavandoz» (1833) dostonlari va keyinchalik
shoirning «kichik tragediyalar»ini tashkil etgan ba'zi bir pyesalari hamda
nasriy asarlari («Belkin qissalari», «Kapitan qizi») ni yaratadi. Pushkin shu
davrda lirikada badiiy realizmning yuksak bosqichiga erishadi. 20-yillarning
2-yarmida Pushkin «Yevgeniy Onegin» ustidagi ijodiy ishini davom ettirdi. She'riy romanning 1833 yilda to’la holda nashr etilishi rus adabiyoti
tarixida ulkan voqea bo’ldi. Garchand she'riyatning bu janri rus adabiyotida
keyinchalik izchil davom ettirilmagan bo’lsa-da, bu asarda kashf etilgan yangi
realistik tasvir metodi va yangi estetika tamoyillari rus adabiyotining keyingi
taraqqiyoti uchun g’oyat katta ahamiyatga molik bo’ldi. Pushkin asarda
polifonik tasvir usulining shunday yo’llarini topdiki, ular voqelikni keng
qamrab olish, muhim hayotiy muammolarni tasvir doirasiga olib kirish, epik va
lirik ibtidolarni uzviylashtirish imkonini berdi. Natijada romanda Pushkin
yashagan davrning muhim masalalari o’z intihosini topdi, o’sha davrda keng
tarqalgan kishilar xarakteri tarixiy, ijtimoiy va maishiy sharoit fonida zo’r
mahorat bilan tasvir etildi. Pushkin 1830 yil kuzini Boldino qishlog’ida
o’tkazdi. Rus adabiyoti tarixiga «Boldino kuzi» sifatida kirgan bu davrda shoir
«Kolomnadagi uy» dostoni, «Belkin qissalari», shuningdek, boshqa «Kichik
tragediyalar»ini ijod qildi. Bu asarlarning har biri, ayniqsa, «Xasis ritsar»,
«O’lat chog’idagi bazm», «Tosh mehmon», «Motsart va Salyeri» «Kichik
tragediyalar»i olamshumul ahamiyatga molik masalalarni ko’targanligi bilan
Pushkin ijodida alohida bir sahifani tashkil etadi. Pushkin 1831 yil yozida
sharoit taqozosi bilan davlat idoralarida ishlashga majbur bo’ladi. U tashqi
ishlar kollegiyasida xizmat qilar ekan, davlat arxivida ishlash imkoniyatidan
foydalanib, Buyuk Pyotr tarixini yozmoqchi bo’ladi. Arxivda ishlash Pushkinga
Rossiyaning tarixi va hozirgi davridagi murakkab masalalarni to’g’ri
tushuntirish imkonini beradi. U siyosiy tuzum, «yangi ma'rifat», Yevropa
mamlakatlari mohiyati to’g’risida o’ylab, tanqidiy xulosalarga keladi va feodal
tuzumning chiriganiga ishonch hosil qiladi. Pushkinning «Mis chavandoz» dostoni
uning dunyoqarashida ro’y bergan ana shunday o’zgarishlarning natijasi sifatida
maydonga keladi. Rossiyaning yangi, kapitalistik taraqqiyot bosqichiga o’ta
boshlagani Pushkinning «Pikovaya dama» (1833) qissasida o’z tajassumini topgan.
Pushkin 30-yillar Rossiya tarixi bilan qiziqib, Pugachyov qo’zg’olonining paydo
bo’lish sabablarini qunt bilan o’rgandi, qo’zg’olon sodir bo’lgan joylarga
borib, rus xalq qo’shiqlari, ertak va rivoyatlarni yozib oldi. Pushkin
Pugachyov qo’zg’oloni haqida to’plagan bu materiallardan «Pugachyov tarixi»
asari (1833), «Dubrovskiy» (1832-1833) va «Kapitan qizi» (1833-1836)
qissalarida samarali foydalandi. Rus xalq og’zaki ijodi namunalariga qiziqish
natijasida Pushkinning «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» (1830),
«Shoh Sulton haqida ertak» (1831), «Baliqchi va baliq haqida ertak» (1833),
«Oltin xo’rozcha haqida ertak» (1834) singari fol’klor motivlari bilan
sug’orilgan asarlari maydonga keldi va bu asarlar Pushkin ijodidagi
xalqchillikning yanada oshishiga sababchi bo’ldi. Pushkin 1831-1832 yillarda
do’stlari tomonidan nashr etilgan «Literaturnaya gazeta» («Adabiyot
gazetasi»)da faol ishtirok etib, adabiyotda xalqchillik va realizmning tantana
qozonishi uchun kurashdi. Uzoq davom etgan sa'iyharakatdan so’ng 1836 yil
aprelda «Sovremennik» («Zamondosh») jurnalining 1-sonini chiqarishga muvaffaq
bo’ldi. Pushkinning rus adabiyoti oldidagi xizmatlari buyuklashgan va ijodiy
faoliyati yangi-yangi qirralar kasb etib borgani sayin uning atrofidagi qora
kuchlar tobora birlasha va faollasha boshladilar. Shuning natijasi o’laroq
uning J. Dantes bilan dueli uyushtirilib, ulug’ rus shoiri halok etildi. Pushkinning
rus madaniyati taqdiridagi roli benihoya buyuk. U yangi rus adabiyotiga asos
solish bilan birga rus adabiy tilining ham shakllanishiga ulkan hissa qo’shdi.
Rus adabiyotida realizm va xalqchillik tamoyillarining, qator she'riy
janrlarning shakllanishi va taraqqiyoti Pushkin nomi bilan chambarchas bog’liq.
Pushkinning rang-barang ijodi nafaqat keyingi rus adabiyoti, balki musiqa,
teatr, balet, rangtasvir singari san'at turlarining ham rivojlanishiga katta
ta'sir ko’rsatdi. Boshqa qardosh adabiyotlar qatori 20-asr o’zbek adabiyotining
taraqqiyotida ham Pushkin ijodining ta'siri sezilarlidir. Toshkentda Pushkin
nomida ko’cha, maydon bor. Pushkinning tug’ilgan kuniga 170 yil to’lishi
munosabati bilan 1969 yil Toshkent shahrida shoirga haykal o’rnatilgan.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2004.