Mirtemir Tursunov (1910.30.5, Turkiston – 1978.25.1, Toshkent) – O’zbekiston xalq shoiri (1971).
Eski maktabda ta’lim olgach (1919-1920), Toshkentga kelib, Almaiy nomidagi
namuna ish maktabi (1920-1923) va O’zbek erlar bilim yurtida (1925-1929) tahsil
ko’rgan. 1929 yil Samarqandga borib O’zbekiston Markaziy Ijroiya Komiteti raisi
Y. Oxunboboyevning kotibi bo’lib xizmat qilgan va ayni paytda, Pedakademiyaning
til va adabiyot fakultetida o’qiy boshlagan. U shu yillarda “Qizil qalam”
adabiy tashkolotining a’zosi sifatida Botu, Oltoy singari “Millatchilar” bilan
aloqada bo’lganligi uchun GPU tomonidan hibsga olingan (1932.8.8).Qamoqdan ozod
bo’lgach, “Yangi hayot” gazetasida adabiy xodim (1936), respublika
radioqo’mitasida bosh muharrir (1941). O’zdavnashrda muharrir (1942), Opera va
balet teatrida adabiy emakdosh(1943-1944). Yozuvchilar uyushmasida bo’lim
mudiri va maslahatchi (1957-1964), badiiy adabiyot nashriyotida muharrir (1965-1966)
lavozimlarida xizmat qilgan. Mirtemirning ilk she’rlar to’plami – “Shu’lalar
qo’ynida” (1928) milliy she’riyatimiz uchun yangi janr – sochma (nasriy she’r)
janrida yozilgan bo’lib, davrning muhim masalalariga bag’ishlangan. Shundan
keyin Mirtemir “Zafar” (1929), “Qaynashlarim” va “Bong” (1932) she’riy
to’plamlarini e’lon qilgan. 30-yillar o’zbek she’riyatida doston janri katta
mavqe kasb etadi. Mirtemir ham shu darda “Barot” (1930), “Xidir” (1932),
“Dilkusho”, “Suv qizi” (1937), “Oysanamning to’yida” (1938), “Qo’zi” (1939)
kabi dostonlarni yozadi va ularning aksarida oddiy mehnat ahli vakillari
obrazini yaratadi. Umuman, Mirtemirning she’r va dostonlariga xos xususiyat
shundaki, u oddiy kishilar hayoti va mehnatida “she’riyatbop” jihatlarni, ular
ruhiy olamidagi go’zallik jilvalarini o’ziga xos noziklik va ziyraklik bilan
ko’radi va aks ettiradi. Qoraqalpoq she’riyatidan qilgan tarjimalari va
“Qoraqalpoq daftari” (1959) she’riy turkumining katta muvaffaqiyat qozonishi
Mirtemirning “erkin” ijodkor safiga qaytishi va ijodiy yasharishiga sababchi
bo’ldi. “Qoraqalpoq daftari”da (1957) namoyon bo’lgan xalqlar o’rtasidagi
do’stlik va hamkorlik g’oyalari shoirning qozoq, qirg’iz va turkman diyorlariga
qilgan safarlari ta’sirida yozilgan she’rlarida katta mahorat bilan davom
ettirildi. Mirtemirning “Qoraqalpoq daftari” turkumidan o’rin olgan “Surat” lirik qissasi esa
60-70- yillarda o’zbek she’riyatida doston janriga e’tiborning kuchayishi va
lirik doston janrining kamol topishiga katta ta’sir ko’rsatgan. Mirtemirning
60-70-yillarda yaratgan aksar she’rlari 20-asr o’zbek she’riyatining tom
ma’nodagi durdonalaridir. U shu davrda she’riy texnikani mukammal egallagan shoir
sifatidagina emas, balki tarix va Vatan tuyg’ulari bilan yashagan, shu muqaddas
tuyg’ularni yonar so’z bilan ifodalagan shoir sifatida ham shuhrat qozondi.
Mirtemir oddiy mehnat ahliga ruhan yaqin, uning tabiatini, maishiy hayotini,
tilining kamalak ranglarini, dilidagi orzu va armonlarini yaxshi bilgan, inson
qalbidagi ruhiy kolliziyalarni teran his qilgan va tasvirlagan shoirdir.
Mirtemirning chin ma’noda xalq shoiri, milliy shoir bo’lganligi uning, ayniqsa,
“Onaginam”, “Toshbu”, “Norbuvi”, “Pattining hasratlari” singari o’zbek
ayollariga xos mehr-muhabbat, or-nomus, malohat, sabr-toqat va mehnatsevarlik
fazilatlari kuylangan she’rlarida o’z tajassumini topgan. Mirtemir bu va boshqa
she’rlari bilan o’zbek she’riyatiga xos xalqchilik ruhini behad darajada
oshirdi. Ayni paytda Mirtemir she’rlari syujetliligi, tasvir etilayotgan zamon
va makonning aniqligi, lirik qahramon ruhiy olamining yorqinligi va bokiraligi
bilan ajralib turadi. Mirtemir she’riy ijodining muhim bir qismini qo’shiqlar
tashkil etadi. Shoir Katta Farg’ona kanali qurilishiga bag’ishlangan
“Yali-yali”, shuningdek, “Bog’ ko’cha”, “Bir go’zal”, “Qaro ko’zli”,
“O’ynasin”, “Boqishi”, “Ustina” singari qo’shiqlar bilan o’zbek qo’shiqchilik
san’ati ravnaqiga bebaho hissa qo’shdi. Shu bilan birga, Mirtemir bir qancha
publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi. Mirtemir o’tgan asrning
60-yillarida o’zbek she’riyatiga kirib kelgan talaygina yoshlarga ustozlik
qilib, o’zining adabiy maktabini yaratdi. Badiiy tarjima Mirtemirning ijodiy
faoliyatida katta o’rin egallaydi. U Abay, Mahtumquli, Berdaq she’rlaridan
tashqari, qirg’iz xalqining “Manas” eposini (hamkorlikda), Shota Rustavelining
“Yo’lbars terisini yopingan pahlavon” (hamkorlikda), A. S. Pushkinning “Ruslan
va Lyudmila”, “Oyimqiz – qishloqi qiz”, M. Yu. Lermontovning “Ismoilbek”,
“Ismoilbek”, “Savdogar Kalashnikov haqida qissa”, N. A. Nekrasovning “Rusiyada
kim yaxshi yashaydi” kabi doston qissa va ertaklarini, G. Geyne, A. M. Gorkiy,
Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Samad Vurg’un
va boshqalarning she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. “Karmen” va
“Ulug’bek” operalari, “Natalka-poltavka”, “Bayadera”, “Keto va Kote” singari
musiqali dramalar Mirtemir tarjimasida o’zbek tilida sahnalashtirilgan. Mirtemir
Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1979), Berdaq nomidagi
Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti (1977) laureati. “Buyuk xizmatlari uchun”
ordeni bilan mukofotlangan (2002). Toshkentdagi ko’cha va Andijon viloyati,
Bo’z tumanidagi maktablardan biri Mirtemir nomi bilan atalgan. Shoir tug’ilgan Eski
Iqon qishlog’ida Mirtemir uy-muzeyi barpo etilgan.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2003.