
Dyuba, Dyu Boys Uilyam Eduard Byorkxard (1868.23.2,
Greyt-Barrington, AQSh, - 1963.27.8, Akkra, Gana) – amerika yozuvchisi,
tarixchisi, jamoat arbobi, AQSh dagi zamonaviy negr adabiyotining
asoschilaridan. 1895-yilda
falsafa doktori unvonini olgan. Atlantadagi universitet iqtisodiyot va tarix
professori (1897-1910), ijtimoiy fakultet dekani (1933-44). 1961 yilda Ganaga
ko‘chib kelib, “Afrika ensiklopediyasi” nashriga rahbarlik qilgan. Dyuba butun
Afrika xalqlarini birlashtirishga bag‘ishlangan bir nechta kongresslarning
tashabbuskori bo‘lgan. Negr xalqi haqidagi tarixiy va ijtimoiy asarlar
muallifi. “Qora kishilar qalbi” (1903) ocherklar to‘plami, “Kumushrang teri
izlab” (1911) romani, “Tim qora suv” (1920) hikoyalar, ocherklar va she’rlar
to‘plami, “Qora alanga” (“Mansart sinovda”, 1957; “Monsart maktab qurmoqda”,
1959; «Qora alanga”, 1961) trilogiyasi va boshqa asarlarida negr xalqining
so‘ngi bir yarim asrdan ortiq vaqt mobaynidagi mehnati, irqchilikka va ijtimoiy
adolatsizliklarga qarshi kurashi o‘z badiiy ifodasini topgan.