
1938 yil 15 yanvar - Farg‘ona viloyati tashkil etilgan kun
Respublikaning
sharqida, Farg‘ona vodiysining janubida joylashgan. 1938 yil 15 yanvarda
tashkil etilgan. Maydoni 6,7 ming km2. Aholisi 2840,9 ming kishi, asosan,
o‘zbeklar, shuningdek, rus, tojik, qirg‘iz, tatar va boshqa millat vakillari
ham yashaydi. Tarkibida 9 shahar, 10 shaharcha, 15 qishloq tumani, 164 qishloq
fuqarolar yig‘ini bor. Markazi – Farg‘ona shahri.
Farg‘ona viloyatining shimoliy
qismini Qoraqalpoq va Yozyovon dashtlari egallagan. Janubdan Olay tizmasidan
oqib tushadigan daryolarning yoyilmalari bilan o‘ralgan. Viloyat hududi yuqori
seysmik zona. Iqlimi kontinental, qishi birmuncha yumshoq, ba’zan, havo juda
sovib ketadi. Vodiyning g‘arbida esadigan kuchli “Qo‘qon shamoli” iqlimga
salbiy ta’sir etadi. Janubiy-sharqida yozda garmsel esadi. Yiliga g‘arbida 100
mm dan (Qo‘qon atrofi) sharqiy qismida 170 mm gacha, tog‘ yon bag‘irlarida 270
mm gacha yog‘in tushadi, asosan, bahorda yog‘adi.
Farg‘ona viloyati
O‘zbekistonning qadimiy madaniyat o‘choqlaridan biri. Viloyat hududida topilgan
tosh davri manzilgohlari va qoyatoshlariga solingan suratlar, tosh qurollar
vodiyda odamlar eng qadimgi davrlardan beri yashab kelganliklaridan darak
beradi. O‘troq dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘illangan Chust
madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Farg‘ona vodiysini
o‘rganishda muhimdir. Arxeologik tekshirishlar natijasi Farg‘ona viloyatida
qadimdan odamlar yashab, ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik bilan
shug‘ullanganligidan, kishilik jamiyatining keyingi bosqichlarida esa madaniyat
rivojlana boshlaganligidan dalolat beradi.
Farg‘ona viloyati respublikaning
sanoati rivojlangan viloyatlaridan. Viloyatda 90 ga yaqin yirik sanoat
korxonasi mavjud. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: yoqilg‘i-energetika, kimyo,
mashinasozlik, qurilish materiallari, paxtani tozalash va qayta ishlash, yengil
va oziq-ovqat sanoati va boshqalar.
Viloyatda 4 oliy o‘quv yurti,
910 umumiy ta’lim maktabi, gimnaziya, 47 litsey, musiqa va sport maktablari, 77
kasb-hunar kolleji, 3 akademik litsey faoliyat ko‘rsatadi. 4 teatr, madaniyat
uylari, 3 muzey, 193 klub muassasasi, 609 ommaviy kutubxona aholiga xizmat
ko‘rsatadi. 97 kasalxona, 413 ambulatoriya poliklinikasi, 214 qishloq vrachlik
punkti, 61 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 28 dispanser, dam olish uylari va
“Chimyon”, “O‘zbekiston”, “Qiziltepa”, “Nurafshon”, “Temir yo‘lchi”
sanatoriylari, shoshilinch tibbiy yordam viloyat bo‘limi bor.
O‘zbekiston
milliy ensiklopediyasi.T.,2006