SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Sentabr 2021
YaDuSeChPaJuSh
   1234
567891011
121314151618
19202122232425
2627282930  
O`zbekiston xalq artisti Maryam Yoqubova tavallud topgan kun
1909-10-19

Yoqubova Maryam (1909.19.10, Buxoro – 1987.2.2, Toshkent) – O`zbekiston xalq artisti (1955). Moskva kino maktabini tugatgan (1928). 1929-1932 yillarda Hamza teatri qoshidagi ishchi sayyor teatrida, 1935-1938 yillarda O`zbek davlat musiqali drama teatrida, 1939-1941 yillarda Muqimiy teatrida, 1941-1966 yillarda Hamza teatrida aktrisa. Musiqaviy iqtidorga ega bo`lgan aktrisa dramatik yo`llarni mohir ijrochisi, hajviy va salbiy rollar ustasi sifatida tanilgan.Yaratgan obrazlari yorqin, ma`nodor va maishiy bo`yoqlarga boyligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi rollari: Ro`zvon (Gulsara), Jahon xola, Zebo (“Arshin mololon”), Maysara (Maysaraning ishi), grafiniya Diana (“It pichan yemaydi, o`zgagayam bermaydi”), qirolicha Izabella (“Qo`zibuloq qishlog`i”), va boshqalar. Yoqubova kinoda ham sermahsul ijod qilib, o`zbek milliy kinosi ravnaqiga o`z hissasini qo`shdi. Xonzoda (“Boy ila xizmatchi”), sud`ya (“Opa singil Rahmonovlar”), Oy-poshsha (“Mahallada duv-duv gap”), O`zbekoyim (“O`tgan kunlar”) kabilar shular jumlasidan. Telespektakllar va O`zbekiston radiosining bolalar uchun eshittirishlarida faol ishtirok etgan.

Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent.2000.

Xalqimizda "Yaxshidan bog' qolar, yomondan dog' qolar", degan ibratli maqol bor. Chindan ham har bir inson dunyoda o'zidan yaxshi nom, ko'rkam bog' va o'chmas iz qoldirishga harakat qiladi. Ana shunday o'zidan yaxshi nom qoldirgan insonlardan biri, xalqimizning sevimli va betakror aktrisasi Maryam Yoqubovadir.O'zining "Mahallada duv-duv gap" filmidagi Oyposhsha roli orqali muxlislar qalbini zabt etgan aktrisa Maryam Yoqubova 1909 yilda Buxoroda xizmatchi oilasida tavallud topadi.Maryam Yoqubova ota-onasidan erta ayriladi va tog'asining qo'lida tarbiya oladi. Aktrisa 16 yoshidan, ya'ni 1925 yildan boshlab kinoda suratga tusha boshlaydi. Ilk marotaba " Muz uyi" filmida jurnalist qiz, keyin esa "Gref xonim" filmida bosh qahramon rolini ijro etib, tomoshabinlar nazariga tushadi.Iste'dodli va san'atni jonidan ortiq sevgan Maryam Yoqubova 1926-1929 yillarda Moskvada kinoaktyorlar tayyorlash kursida tahsil oladi. 1929 yil O'zbekistonga qaytgan Maryam kinoda rollar ijro etish bilan birga Hamza Hakimzoda Niyoziyning tavsiyasi bilan Respublika drama teatri (hozirgi Milliy akademik drama teatri)da ishlay boshlaydi.Urushgacha Maryam Yoqubova Navoiy nomidagi opera va balet teatri, o'zbek musiqali drama teatrlarda faoliyat yuritdi. 1953 yilda sahnalashtirilgan "Boy ila xizmatchi" spektaklidagi Xonzoda obrazi san'atkorning ilk ommalashgan roli sifatida e'tirof etiladi. 1960 yilda esa Shuhrat Abbosovning "Mahallada duv-duv gap" film orqali Maryam Yoqubova el nazariga tushadi.M. Yoqubova turli yillar davomida yuzga yaqin spektakllarda bosh rollarni ijro etadi. Shuningdek, "Yangi qishloq", "O'tgan kunlar", "Rahmonovning singillari", "Qutlug' qon", "Maftuningman" kabi filmlardagi betakror rollari bilan muxlislar qalbidan chuqur joy egallaydi. 1969 yilda suratga olingan "O'tgan kunlar" filmidagi O'zbegoyim obrazi esa yana bir bora aktrisani kino tarixiga va tomoshabinlar qalbiga muhrladi.San'atni, kino va teatrni ardoqlagan aktrisa 1987 yilda vafot etadi. Uning mazmunli hayot yo'li, betakror va keng qamrovli ijodi hech qachon unutilmaydi. Negaki, yuksak iste'dod sohibasining yorqin obrazlari yurtdoshlari qalbiga o'chmas bo'lib muhrlangan.

Mirolim ISAJONOV tayyorladi. 


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan