SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Noyabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
     12
3456789
10111213141516
171819202223
24252627282930
Nemis dramaturgi Gerxard Ioxonn Robert Gauptman tavallud topgan kun
1862-11-15

Gerxart Iogann Robert Gauptman-nemis dramaturgi va romannavisi 1862 yilning 15 noyabr kuni Oberzalsbrunne ya'ni hozirda Polshaning Shavnozdruy shahrida, Sileziyadagi mashhur kurortda tavallud topgan. U Robert Gauptman va Mariya Shtrellerlar oilasida to'rt farzandning eng kenjasi bo'lib dunyoga keldi. Gerxard qishloq maktabida lotin tilini o'rganadi, keyin Polshaning hozirda Vroslav deb ataladigan, o'sha paytda esa Germaniyaning Breslau shahridagi gimnaziyada tahsil oladi. Ammo bolakay mashg'ulotlarga qiziqmas, uning uchun maktab, keyinchalik gimnaziya “azob” manzili edi. 1880 yilda Gerxard Breslaudagi akademiyaning haykaltaroshlik sinfiga o'qishga kiradi. 1883-84 yillarda Rimda haykaltaroshlik sirlarini egallar ekan, Gauptman antik davr san'atiga alohida qiziqish bilan qaraydi va mana shu yondashuv sabab bo'lib, Prometey haqidagi afsonalar asosida epik-romantik poema yaratadi. 1885 yilda Mariya Tineman ismli go'zal va badavlat qiz bilan nikohdan o'tadi. Ilk yillari Mariya qaylig'iga katta miqdorda iqtisodiy yordam berib turgan. Ular endi Berlin yaqinidagi Erkner shahrida yashay boshlaydilar. Gerxard bu joyda ilg'or fikrlovchi ziyolilar muhitiga tushib qoladi va mana shu muhit ta'sirida Marks, Tolstoy, Zolya va Ibsen asarlarini qunt bilan o'qib chiqadi. 1889 yilda bir guruh nemis yozuvchilari va tanqidchilari “ozod sahna” nomi bilan teatr-studiya tashkil qiladilar va bu yerda dastlab Ibsenning “Sharpalar” pyesasi, keyin Gauptmanning birinchi sahna asari “Tong oldidan” dramasi sahnalashtirildi. Nemis tilida yozilgan ilk naturalistik drama haqiqatni beayov ochib tashlagani va jonli xalq tilida yaratilgani bilan ommani hayratga qoldirgan edi. Endi adabiy jamoatchilik Gauptmanga dramaturgiyada paydo bo'lgan jiddiy iste'dod sohibi sifatida qaray boshlaydi. Adibning “Yarashuv tantanasi” (1890) va “Yolg'izlar” (1891) pyesalarida Ibsenning ta'siri seziladi. 1893 yilda yaratilgan kir yuvuvchi ayol haqidagi hajviy komediya ham naturalistik yo'lda yozilgan. Biroq, navbatdagi “Xannel me'roji” pyesasida naturalizmdan vos kechib, ramzlar va fantaziyalar yo'lini tanlagan muallif bu bilan tomoshabin va tanqidchilarni hayratga qoldirgan edi. Ushbu asarda o'n to'rt yashar xo'rlangan qiz taqdirini aks ettiruvchi nasrda yozilgan naturalistik sahnalar, bu qizning orzularini namoyon etuvchi she'riy bandlar bilan o'rin almashib turadi. Dramaturg o'zining keyingi bir qator asarlarida, jumladan, “Florian Geyer” (1896) pyesasida yana naturalizm yo'lini tanlaydi va asarda 1524-1525 yillarda dehqonlar urushining keng tarixiy manzarasini yaratadi. Gauptman 1907 yilda Gresiyaga yo'l oladi. Uning “Gresiya qo'shig'i” (1908) asari yo'l daftari shaklida yozilgan bo'lib, bu amalda muallifning xristianlik dini va antik madaniyatga xos majusiylik o'rtasidagi ziddiyatni anglashga bo'lgan intilishi edi. Uning ikki romani “Devona Emmanuel Kvint” (1910) va “Buyuk ona oroli” (1912)da ham ushbu mavzu ko'tarib chiqilgan. 1912 yilda Gauptman “eng avvalo, dramaturgiya san'atidagi samarali rang-barang va mislsiz faoliyatiga e'tirof belgisi sifatida” adabiyot sohasidagi Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Shvetsiya akademiyasi a'zosi Xans Xildebrand o'z so'zida Gauptmanning iqtidori haqida maqtovlarni yog'dirar ekan, uning “inson ruhiyatiga chuqur kirib bora olishi... Shu bilan birga pesalaridagi realizm kishini so'zsiz yangi va yaxshi hayotga, yaxshi yashash haqidagi orzularning ro'yobiga olib borishi”ni e'tirof etdi. Gerxard Gauptman 1946 yilning 6 iyun kuni Agnetendorfdagi uyida vafot etadi.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan