SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Iyun 2019
YaDuSeChPaJuSh
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
232425272829
30      
4- Xalqaro teatr festivali bo'lib o'tgan kun
2013-10-22

“Theatre.UZ/2013” 4- Xalqaro teatr festivali bo'lib o'tgan kun

“Art Week Style.uz – 2013” san'at haftaligi doirasida o'tkazilayotgan mazkur anjuman “O'zbekiston madaniyati va san'ati forumi” jamg'armasi, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O'zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi hamda O'zbekiston yoshlar teatri hamkorligida tashkil etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida san'atni rivojlantirish, xususan, teatrlar faoliyatini yanada yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar yuksak samaralar berayotir. Davlatimiz rahbarining 1998 yil 26 martda qabul qilingan “O'zbekiston teatr san'atini rivojlantirish to'g'risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo'lmoqda.

Mamlakatimizda teatr san'atini rivojlantirish, uning o'ziga xos an'analarini asrab-avaylash va yanada boyitish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi san'at maskanlari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda, mavjudlari zamon talablari darajasida ta'mirlanmoqda. Bugungi kunda yurtimizda qirqqa yaqin professional teatr hamda ko'plab xalq teatrlari faoliyat ko'rsatmoqda. O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti hamda yigirmadan ortiq o'rta maxsus kasb-hunar kollejida teatr san'ati uchun malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Sohadagi yangi ijodiy loyihalarni qo'llab-quvvatlash, teatrga umrini bag'ishlagan insonlar mehnatini e'zozlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Teatr – madaniyat, ma'naviyat va tarbiya maskanidir. Bugungi globallashuv davrida yosh avlod dunyoqarashi va tafakkurini yuksaltirish, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish, xalqimizning boy ma'naviy merosini asrab-avaylash va targ'ib etishda teatr san'ati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur soha faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, iste'dodli, professional kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida yurtimizdagi teatrlar repertuari boyib, badiiy etuk sahna asarlari yaratilmoqda.

O'zbek Milliy akademik drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Davlat akademik Katta teatri, Muqimiy nomidagi O'zbek davlat musiqali drama teatri, O'zbekiston yoshlar teatri, Respublika yosh tomoshabinlar teatri, Buxoro viloyati qo'g'irchoq teatri, Mannon Uyg'ur nomidagi Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlarining spektakllari Hindiston, Misr, Yaponiya, Germaniya, Malayziya kabi davlatlarda bo'lib o'tgan xalqaro teatr festivallarida yuksak e'tirofga sazovor bo'lgani ham buning yorqin dalilidir.
“O'zbekiston madaniyati va san'ati forumi” jamg'armasi mamlakatimiz teatr jamoalarini, ilg'or g'oya va loyihalarni qo'llab-quvvatlash, yosh ijodkorlar iqtidorini ro'yobga chiqarish, sohadagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, milliy teatr sohasida erishilayotgan yutuqlarni keng targ'ib etishga katta hissa qo'shmoqda. Mazkur jamg'arma tomonidan qator ijodiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Theatre.UZ” xalqaro teatr festivali ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.

– “Theatre.UZ” xalqaro teatr festivali yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta'kidlamoqchiman, – deydi “Acco” teatr markazi bosh direktori Moni Yossef (Isroil). – Bu tadbir nafaqat teatr san'atini rivojlantirish, balki millatlararo totuvlikni mustahkamlash, umumbashariy g'oyalarni targ'ib etish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Biz ushbu festivalь davomida bir nechta sahna asarlari, jumladan, “Antologiya” spektaklini namoyish etamiz. O'zbekistondagi tinchlik, barqarorlik, do'stona muhit, odamlar chehrasidagi samimiyat, qiziqarli muloqotlar menda katta taassurot qoldirmoqda. O'zbekistonlik san'at ustalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.
Bu yil to'rtinchi bor o'tkazilayotgan ijodiy festivalь san'at ixlosmandlarini yangi spektakllar bilan tanishtirish, milliy va xorijiy teatrlar ijodkorlarining o'zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratish, eng asosiysi, yosh iqtidor egalarini va tomoshabinlarni teatr san'atiga keng jalb etish imkonini bermoqda.
Festivalь doirasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning teatr ijodkorlari hamkorligida qator spektakllar, teatr rassomlari ko'rgazmasi, Germaniya, Belarusь va Fransiya teatr namoyandalari ishtirokida mahorat saboqlari, yangi loyihalar namoyishi, ijodiy uchrashuvlar va muloqotlar bo'lib o'tadi.
– “Theatre.UZ/2013” xalqaro teatr festivalida birinchi bor ishtirok etyapmiz, – deydi Klaypeda shahri “Pilies” teatri aktyori Gabrielius Zapalskis (Litva). – Festivalga “Amok” va “Ipak” spektakllarini tayyorlab kelganmiz. Anjuman davomida turli mamlakatlar, xususan, o'zbekistonlik ijodkorlar tomonidan sahnalashtirilgan spektakllarni tomosha qilish, o'zaro tajriba almashish imkoniyati yaratilganidan g'oyat mamnunmiz.
Festivalning ikkinchi kuni O'zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida M.Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlarining “Nuh kemasi” spektakli namoyish etildi. O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat institutida belaruslik teatrshunos Elena Liopo tomonidan “Televidenie + teatr” mavzuida mahorat sabog'i o'tkazildi.
Festivalь doirasida o'tkaziladigan “Yoshlar ijodi” dasturida o'zbekistonlik yosh rejissyorlar spektakllari namoyish etiladi. Anjumanga maxsus taklif etilgan Xalqaro teatr uyushmalari konfederasiyasining ekspert komissiyasi tomonidan saralab olinadigan nomzod 2014 yilda MDH va Boltiqbo'yi mamlakatlari xalqaro teatr forumida ishtirok etish imkoniga ega bo'ladi.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan