
1504 yil 29 fevralda Xristofor Kolumb oyning to‘liq tutilishini bilgan holda, Yamayka aborigenlarini aldab ketgan.
Mutaxassislarning fikricha, jasur sayyoh Kolumb 55 yillik umrining to‘rtdan uch qismini dengiz sayohatlarida o‘tkazgan. Jumladan, u 1465 yilda dastlab Genuya flotiga yollangan bo‘lsa, 1470 yildan 1485 yilga qadar Portugaliya flotida xizmat qildi. U, asosan, savdo kemalariga yollanib, bo‘sh vaqtlarida xaritalar tuzish, tabiiy fanlarga oid bilimini oshirish bilan mashg‘ul bo‘lardi.
Hindistonga boradigan dengiz yo‘lini topish uchun yana ispan hukumatidan ruxsat olishga erishgan Kolumb 1502-1504 yillar davomida 4 ta kemada o‘zining to‘rtinchi ekspedisiyasini amalga oshirdi. 1502 yilning yozida Martinika oroli va Gonduras qo‘ltiqlarini kashf etdi. Xuddi shu yerda birinchi bo‘lib qadimgi mayya sivilizatsiyasi vakillariga duch kelgan. 1502 yilning avgustidan 1503 yilning may oyiga qadar Markaziy Amerikadagi Karib dengizining 2000 km.dan ortiq masofadagi qirg‘oqlarini tekshirib chiqqan. G‘arbga o‘tish yo‘lini topmagach, sayyoh shimol tomonga suzdi. Ammo 1503 yilning iyun oyida Yamayka oroli yaqinida halokatga uchragan. 1504 yil 29 fevralda oziq – ovqat zahirasini to‘ldirish uchun Yamayka oroli sohili qoshida to‘xtaydi. Lekin aborigenlar uni dushmanlarcha kutib olishadi.Shunda astronomiyani yaxshi bilgan Kolumb ularni oyni berkitib qo’yaman deb qo‘rqitdi. Tunda to‘liq oy tutilishi yuz berdi. Bundan qo‘rqib ketgan indeeslar tongda ekspedisiya kemasini barcha kerakli narsalar ta’minlab berishdi.