
Bog’bekov
Hayitmat (1953.27.6, Xiva tumani) – yog’och o’ymakori, O’zbekiston xalq ustasi
(2001). Xiva hunar –texnika bilim yurtini
yog’och o’ymakorligi bo’yicha tugatgan (1977). 1977 yildan “Usto
uyushmasida usta. Bog’bekov Xiva va Xorazm yog’och o’ymakorligi san’atini
tiklash va taraqqiy ettirishga katta hissa qo’shdi. 1969 yildan otasi usta Safo
Bog’bekov bilan birgalikda ishladi: Qora dengiz flotining “Ozbekiston” kemasi uchun
naqshinkor eshik, darvoza, ustunlar va boshqalar tayyorladi. Bog’bekov me’moriy
yodgorliklarning yog’och uymakorligi bilan ta’mirlashda, zamonaviy binolarni
sharqona bezashda samarali ijod qilmoqda; Turkmanistondagi jamoa
xo’jaliklaridagi madaniyat saroylari (1979), Yurmala shahridagi “Ozbekiston”
restorani (1983), Xorazm yog’och o’ymakorligi namunasi (1983, Moskvadagi Xalq
xo’jaligi yutuqlari ko’rgazmasining sovrini bilan mukofotlangan), Toshkent
shahridagi faxriylar choyxonasi (1991), Qoraqalpog’istondagi Berdaq kinoteatri
(1993) va boshqalardagi yog’och o’ymakorligi ishlarini yuksak did bilan
bajardi. Toshkent shahridagi Xotirlash va qadrlash maydoni milliy ayvonining 12
ustuni hamda shifti uchun 1000 dona vassani islimiy va girih naqshlar bilan
bezab, tabaqa pardoz va lo’la pardoz usulida ziynatlashga rahbarlik qildi;
Urganchdagi Xotira maydoni ayvonlarini farzandlari va shogirdlari bilan
tiklashda Bog’bekovning iste’dodi yorqin namoyon bo’ldi. Bog’bekov ko’plab
shogirdlar tayyorladi.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2001.