Kalonov
Saidjon (1914.30.6, Chust tumani Karkidon qishlog’i – 1971.31.11, Toshkent) – sozanda (nay),
bastakor. O’zbekiston xalq artisti (1966). Dastlabki musiqa saboqlarini Toshkent musiqa
texnikumida A. Vahobov, Sh. Shoumarov kabi taniqli san’atkorlardan olgan. Nay
ijrosi asoslarini Abduqodir naychi Ismoilovdan o’rgangan. Mustaqil ijodiy
faoliyatini Farg’ona teatri musiqa rahbari sifatida boshlab (1932 – 1936),
mazkur teatrda sahnalashtirilgan “Farhod va Shirin” (Xurshid) singari
spektakllarga musiqa yozgan. O’zbekiston davlat filarmoniyasining T. Jalilov
rahbarligidagi orkestri (1936 – 1938), O’zbek davlat opera va balet teatri
(1938 – 1942), Yangiyo’l teatri (1942 – 1948), O’zbekiston radio va
televidenieyasi o’zbek xalq cholg’ulari orkestrining (1948-1971) yakkanavozi.
“Yovvoyi Ushshoq”, “Yovvoyi Chorgoh”, “Cho’li Iroq” kabi ko’ylarni nayda
mahorat bilan ijro etgan. “Ey, sarvi ravon”, “Yor kezar”, “Topmadim”,
“Dilnavozim”, “Kuyla dilkash dutorim”, “ Gulmidi, ra’nomidi”, “Ona diyorga
salom” singari o’nlab ashula va qo’shiqlar, “Farg’ona tongi”, “Armug’onim” kabi
kuylar yaratgan. Bular o’zbek musiqa merosining muayyan qatlamlari va zamonaviy
ohanglar bilan uzviy bog’langan.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2002.