
1922 yil 11 yanvarda Torontoda birinchi marta insulin ishlatildi.
Insulin glikogenning parchalanishi va jigarda glyukoza sintezlanishini to‘xtatib, qondagi qand miqdorini kamaytiradi. Ayni vaqtda, hujayra membranalarining glyukoza o‘tkazuvchanligini oshiradi, natijada, to‘qimalarga glyukoza o‘tishiga imkon tug‘iladi. Organizmda insulin yetishmasligi qandli diabetga sabab bo‘ladi. Uni davolashda qo‘llaniladigan insulin preparatlari (so‘yilgan qoramolning me’da osti bezidan tayyorlanadi): amorf rux-insulin suspenziyasi, protamin-rux-insulin eritmasi, protamin-insulin suspenziyasi va boshqalar. Insulinga qaraganda ancha uzoq ta’sir etadi. Darmonsizlik, ishtaha yo‘qolishi va boshqa ba’zi kasalliklarda oz-ozdan insulin in’eksiya qilish buyuriladi. Intoksikatsiyalar (masalan, homiladorlarning tinmay qusishi), shizofreniya va jigar kasalliklarini davolashda ham buyuriladi. Insulin ovqat yeyishdan 30-60 minut ilgari teri osti yoki muskul orasiga yuboriladi. U oqsil bo‘lganidan hazm shiralari ta’sirida yemirilib ketadi, shuning uchun uni ichish naf bermaydi. 6-8 soatdan keyin takror in’eksiya qilinadi.