
Milosh Cheslav (1911.30.6, Sheteynyay) – polyak yozuvchisi; fransuz va ingliz tillarida ham ijod qilgan. 1951 yildan muhojirlikda (avval Fransiyada, 1960 yildan – AQSh da). 30-50-yillardagi she’r va dostonlarida, “Kunchiqishda va kunbotarda” (1974), “Bepoyon zamin” (1984) she’riy kitoblarida hozirgi zamon kishisining halokatli tajribalarini jahon sivilizatsiyasi taraqqiyoti nuqtai nazaridan tushunib yetish, inqiroz va mudroq holatlarga qarshi kurashish g’oyasi aks etgan: Milosh timsolidagi shoir talafotlardan asrovchi, 20-asrda butun boshli xalq va sivilizatsiyalar halokatining solnomachisi sifatida namoyon bo’ladi. “Hokimiyatni zabt etish” (1953), “Asoratga tushgan aql” (1953) masal – qissalari avtoritarizmga qarshi g’oyalar bilan sug’orilgan. “Qit’alar” (1958), “Shaxsiy majburiyatlar” (1972) esse kitoblarida turli madaniyatlarning tayanch ma’naviy belgilarini, madaniy ong fenomenini tadqiq etadi. Miloshning fikricha, hozirgi ong, shuur dramatizmi dunyoning yaxshi va yomon, yovuz tarzida 2 xil namoyon bo’lishi gunohkorlik va o’zini ilohiylashtirishni boshdan kechirish, e’tiqod va aqlning o’zaro qarshi kurashi bilan belgilanadi, u nafaqat bartaraf etib bo’lmaydigan, balki 20-asr kishisining o’z taqdirini o’zi belgilashidagi manba hisoblanadi. Mill Qadimiy ahd va Yahgi ahdni, ingliz she’riyatini polyak tiliga tarjima qilgan. Nobel mukofoti laureati (1980).
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2003.