
Gaydn Frans Yozef (1732.31.03, Rorau qishlog’i, Janubida Avstriya -
1809.31.05, Vena) - Avstriya kompozitori, kapelmeyster, Vena klassik maktabida
yirik vakili. 24 ta opera, 100 dan ortiq simfoniya, turli cholg’ular uchun 35
konsert, diniy kantata va messalar, fortepiano sonatalari, turli tarkibdagi
kamer ansambllar (shu jumladan, 83 torli kvartet) va boshqa asarlarning
muallifi. «Dunyoning yaratilishi» (1798) va «Yil fasllari» (1801) oratoriyalari
hamda 1796-1802 yillarda yaratilgan messalar Gaydn Frans Yozef ijodining cho’qqisidir.
Ayrim asarlari («Kutilmagan uchrashuv» operasi, 1775)da Sharq mavzularini
ekzotik tarzda ifoda etgan. Gaydn Frans Yozef o’z ijodida avstriya, venger,
xorvat, italyan va boshqa xalqlar qo’shiqlari va raqs kuylaridan keng
foydalangan. Asarlariga yorqin va jozibali obrazlarning xilma-xilligi, musiqa
tilining soddaligi bilan birga g’oyaviy butunlik, musiqa rivoji usullarining
mukammalligi xos. Gaydn Frans Yozef o’z ijodi bilan simfoniya, kvartet kabi
musiqa janrlari, simfonizm musiqa uslubining shakllanishiga katta hissa qo’shgan.
20-a.da Kyolnda Gaydn Frans Yozef instituti tashkil etilgan.