SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Aprel 2020
YaDuSeChPaJuSh
   1234
56781011
12131415161718
19202122232425
2627282930  
Uyg'onish davrining buyuk italyan haykaltaroshi Mikelanjelo Buonarroti tavallud topgan kun
1475-03-06

Mikelanjelo 1475 yil 6 martda Toskanodagi Kapreze shaharchasida florensiyalik dvoryan Lodoviko Buonarotti oilasida tavallud topgan. Uyg‘onish davrining buyuk italyan haykaltaroshi, me’mori, rassomi va shoiri Mikelanjeloning bolalik yillari Florensiyada o‘tgan. O‘z iqtidorini juda erta namoyon eta boshlagan Mikelanjelo 13 yoshidan D. Girlandayo ismli rassom ustaxonasida rassomlik va haykaltarosh Bertoldo di Jovannidan haykaltaroshlik sirlarini o‘rgana boshladi. O‘zining eng yirik asarini 26 yoshida yaratishga kirishdi. Florensiyada marmardan balandligi 5 metrli haykal yasashga kirishgan bir haykaltarosh uni bu­zib qo‘yadi va ishni oxiriga yetkazmay tashlab ketadi. Bu ishni davom ettirishga hech kim jazm eta olmaydi. Mikelanjelo bu ishni davom ettirishga kirishadi va 3 yillik mashaqqatli meh­natdan so‘ng buyuk bir haykal yaratishga muvaffaq bo‘ladi. U yakkama-yakka kurashda o‘z xalqining dushmani – pahlavon Goliafni yenggan yosh yigit Davidning haykali edi. Haykaltarosh o‘z qahramonining kurashga otlangan paytdagi holatini tasvirlagan: chap qo‘lida sopqonni ushlagan holda ko‘zlarini katta ochib pah­lavonga tikilib turibdi. David o‘ta qat’iy, xotirjam va shafqatsiz qiyofada.Mikelanjelo ijodiga xos mahobatlilik, mutanosiblik quvvati, ichki taranglik va dramatizm, inson go‘zalligi oldida bosh egish kabi asosiy xislatlar uning yoshligidanoq ko‘zga tashlanadi, u obrazlariga insonparvarlik, yorqin hayotiy haqqoniylik baxsh etdi.Haykaltaroshning eng yaxshi ishlaridan biri papa Yuliy II (Rim cherkovi boshlig‘i) qabri ustidagi sag‘anadir. Uni ajoyib marmar haykallar bezab turadi. Tavrot syujeti asosida yaratilgan bu haykallar orasida Muso alayhis-salomning ulug‘vor qiyofasi va bog‘langan ikki asir yigitning tasviri bor. Ulardan biri bor kuchini to‘plab, tutqunlikdan xalos bo‘lishga intiladi, ikkinchisi esa jon bermoqda. Lekin mag‘lubiyatga uchragan, jon berayotgan kishi­lar ham Mikelanjelo tasvirida hamisha go‘zal va qudratlidir.Mikelanjelo rassomlikda ham o‘zining yuksak iqtidorini namoyish etishga erishgan. 1508-yilda papa Yuliy II Mikelanjeloga Rimdagi Sikst kapellasining shiftiga rasm ishlashga buyurtma beradi. Umumiy maydoni 600 kvadrat metrdan ziyod bo‘lgan bu mashaqqatli ishni rassomning bir o‘zi, yordamchi shogirdlarsiz juda og‘ir sharoitda, baland havozaga yotgan holda bajardi. Tavrot aqidalari mavzuida bajarilgan bu ish mazmunan dunyoning yaratilishi haqidagi tasvirlardan iborat bo‘lgan. Bu tasvirlardagi eng yorqin obrazlardan biri Odam atodir.1523-yilda Florensiyadagi notinch holat, siyosiy, qurolli to‘qnashuvlar rassomni bu yerdan Rimga ketishga majbur etdi. 1534-yilda Florensiyaga qaytib kelgan rassom 1541-yilgacha yana shu Sikst kapellasi devorlariga «Dahshatli sud» manzarasi tasvirlangan rasmni chizadi. Rassom bu ulkan asarda insonning itoatsizlik ruhini, inson go‘zalligi va qud­ratini tasvirladi. Mikelanjelo buyuk me’mor sifatida ham mashhur edi. U Rimda dunyodagi eng buyuk Avliyo Pyotr sobori qurilishini tugalladi. U soborning dastlabki rejasini qayta ishladi va uning loyihasi asosida dunyoda tengi yo‘q ajoyib gumbaz qurildi. Mikelanjelo umrining oxirgi yillarida she’riyat bilan ham shug‘ullandi. Uning «She’rlar» kitobi o‘limidan so‘ng dastlab 1623-yilda nashr qilingan. Buyuk rassom o‘zi haqida «Kishilarni menchalik sevishga moyil odam hali tug‘ilmagan», – deb yozgan edi. Chindan ham u inson erkinligi va go‘zalligini tarannum etuvchi san’ati bilan ushbu muhabbatini isbot etdi.Mikelanjelo Rimda vafot etgan. Uning jasa­dini Rimdan xufyona olib ketib, Florensiyaga dafn etishadi. Florensiyadagi San-Manyato cherkovi oldidagi maydonga rassom tomonidan yaratilgan David haykalining bronzadan yasalgan nusxasi uning yorqin xotirasi­ning ramzi sifatida o‘rnatilgan.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan