
1992 yil 30 yanvar – O‘zbekistonning Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan kun.
O‘zbekiston 1992 yil 30 yanvarda Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan edi. Shundan buyon u ana shu nufuzli xalqaro tashkilot ishlari jarayoniga faol qatnashib kelmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ekspertlari Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining turli majlislarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etyapti. 1993 yil Varshava, Vena, Dagomis, 1994 yil esa Varshava, Xelsinki, Bishkek shaharlarida shunday yig‘inlar bo‘lib o‘tdi. 1993 yil 20-22 aprel kunlari esa Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining raisi – Shvesiya Tashqi ishlar vaziri Margareta av Uglass O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashkilotning Bosh kotibi, shuningdek parlament assambleyasi hay’atlari O‘zbekistonga kelib ketdi. O‘zbekiston hay’ati esa kengash doimiy qo‘mitasining Venada o‘tgan 4 majlisida, shuningdek, oliy mansabdagi shaxslar qo‘mitasining Pragadagi yig‘inida qatnashdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti I. A. Karimovning Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1992 yil iyulda Xelsinkida bo‘lib o‘tgan majlislaridan biriga raislik qilishi, 1994 yil dekabrda Budapeshtda chaqirilgan oliy darajadagi majlisida nutq so‘zlab, davlat arboblari diqqatini yana bir bor mintaqamiz, xususan, Afg‘oniston va Tojikistondagi vaziyatga qaratishi, shuningdek, Orol muammosini ko‘tarishi yosh mamlakatimiz tashqi siyosati tarixidagi muhim sahifalar hisoblanadi.