27 mart - Xalqaro teatr kuniga bag‘ishlab O‘zbek Milliy akademik drama
teatrida yosh rejissorlarning “Debut-2010” respublika festivali boshlandi. “Barkamol
avlod yili” Davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan ijodiy ko‘rik O‘zbekiston
Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab
chiqarish birlashmasi hamkorligida tashkil etildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda yurtimizdagi teatr
jamoalarining vakillari, madaniyat va san’at namoyondalari, yozuvchi, shoir va
dramaturglar, teatrshunos olimlar, san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim
dargohlarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Teatr san’atiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik yurtimizdagi teatrlar
faoliyatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan yili teatr jamoalari tomonidan bir yuz
ellikdan ortiq spektakl sahnaga qo‘yilib, Qoraqalog‘iston Respublikasi,
viloyatlardagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy o‘quv yurtlari o‘quvchi va
talabalari e’tiboriga havola etildi. So‘nggi yillarda yaratilgan sahna asarlari
yosh tomoshabinlarni ona Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat,
umrboqiy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb
etmoqda. Ayni paytda o‘zbek teatr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan bir necha
spektakllar qator xalqaro teatr san’ati festivallarida sovrinli o‘rinlarga
sazovor bo‘ldi.“Barkamol avlod yili” Davlat dasturida san’atning barcha
yo‘nalishlarida izlanayotgan iste’dodli yoshlarni aniqlash, ijodiy-intellektual
salohiyatini yanada rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish,
yangi ijodiy marralar sari da’vat etish, o‘g‘il-qizlarning qalbi, ongu
tafakkurini milliy fazilatlarimizga begona g‘oyalar, “ommaviy madaniyat”
ta’siridan himoyalash, muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Yosh rejissorlarning “Debut-2010” respublika festivalidan ko‘zlangan asosiy
maqsad teatr san’atida qaror topgan ibratli an’analarni davom ettirish, sohada
izlanayotgan iqtidorli ijodkorlarni aniqlash, ularning faoliyatini atroflicha
o‘rganish va rag‘batlantirishdan iboratdir. - Ushbu festivalga “Yurt qadri” sahna asarini tayyorlab keldik, - deydi
Mullato‘ychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri
rejissori Akbar Berdiyev. - Spektaklda o‘zi tug‘ilib, voyaga yetgan zaminni
muqaddas bilishdek ezgu g‘oya aks ettirilgan. Festival doirasida yurtimizning turli hududlarida faoliyat
ko‘rsatayotgan yosh rejissorlar sahnalashtirgan spektakllar tomoshabinlar
e’tiboriga havola etilishi barobarida san’atshunoslar, yetuk ijodkorlar,
dramaturglar tomonidan atroflicha muhokama etiladi. Ayni paytda O‘zbek Milliy
akademik drama teatri, O‘zbekiston Davlat san’at instituti bilan hamkorlikda
zamonaviy rejissuraning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy
konferensiya, san’at arboblari ishtirokida mahorat saboqlari tashkil etiladi.