SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Noyabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
     12
3456789
101112131416
17181920212223
24252627282930
Samarqandda qo’g’irchoq teatri ochilgan kun
1978-09-01

Asror Jo’raev nomidagi Samarqand viloyat qo’g’irchoq teatri — bolalar teatri. 1978 yil 1 sentyabrda G’ayratiyning «Ali kichkina» spektakli bilan ochilgan. Teatr jamoasi teatr va rassomlik san'ati institutini tugatgan 18 nafar yoshlardan tashkil topdi. Yangi teatrga Odil Norboyev bosh rejissyor, B. Rubinov bosh rassom etib tayinlandi. “Qaqildoq” (L. Boboxonov), «Satirik miniatyuralar qo’g’irchoqlari o’ynaganda» (Yu.Lasskiy) «Qishki ertak» (V. Iogel’son, A. Anisimov) va boshqalar birinchi mavsum spektakllari bo’ldi. Bular orasida tomoshabinlarga manzur bo’lgan «Dadavoy dangasa» (L. Maxmudov) 1000 marotaba qo’yilgan. Teatr o’zbek va rus guruhidan iborat. Yosh teatr jamoasining yuksalishi, repertuarini shakllanishi, aktyor va rejissyorlarni to’g’ri yo’naltirishda V. S. Iogel’son, Z. L. Alibekovalarning xizmati katta. «Timsoh gena», «Ajoyib ertak», «Pahlavonlar qayerga ketishdi», «Alijon sehrgar» kabi spektakllarni o’zbek va rus tillarida V. Iogel’son sahnalashtirdi. Opa-singil Zloyanovalar, O. Abdullayev, S. Rizazada, N. Volokitina, R. Nizomboyev, M. Mirzaahmedov, M. Muhiddinova kabi aktyorlar spektakllar muvaffaqiyatini ta'minladilar. «Samar va Qand» ( M. Xalil), «Obi hayot» (M. Ashurova), «Baxilning bog’i ko’karmas» (J. Maxmudov), «O’rmondagi voqea», «Kachal Botir hangomasi», «Fleytachi Santa», «Yaxshi va yomon», «Uchar gilam», «Sehr saltanati» (A. Boboaliyev), «Morozko», «Dyuymovochka» (V. Diyorova), «Makkor tulkicha», «Biz Vinni Pux bo’lib o’ynaymiz» (A. Mil’), «Hoji tam-tam hangomasi» (B. Muhammadiyev) kabi spektakllar teatrda so’nggi yillar qo’yilgan eng yaxshi asarlardir. 2002 yil Yaponiya va Janubiy Koreyada o’tkazilgan futbol bo’yicha jahon chempionatiga bag’ishlab YuNESKO tomonidan tashkil etilgan «Deyjon qo’g’irchoq, teatri va ko’cha ijrochiligi» festivalida «Hoji tam-tam hangomasi» spektakli bilan qatnashib sovrin olgan. Teatr hozirgi kunda ijodiy jihatdan yuksalish yo’lida. 1992 yil H.Olimjon nomidagi teatr binosiga ko’chib o’tgan. A. Muhammadjonov, N.Hojimetova, M. Malikov, A. Abdurazzoqov, J. Jabborov, E. Xo’jayeva va boshqa yetakchi aktyorlardir.

Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2004.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan