
1992 yil 26 yanvarda Yaponiya bilan diplomatik
aloqalar o‘rnatildi.
1991 yil Yaponiya O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olib, 1992 yil diplomatiya munosabatlari o‘rnatgach, 1992 yilda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi, 1996 yilda esa O‘zbekiston Respublikasining Tokiodagi elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi. Ikki mamlakat o‘rtasida teng huquqli aloqalar o‘rnatildi. 1994 yil mayda Toshkentda O‘zbek-yapon iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi, Tokioda esa Yapon-o‘zbek iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi tashkil etildi.
Yaponiya bilan O‘zbekiston
o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlaridan biri kadrlar tayyorlashdir. 2001
yil Toshkentda O‘zbekiston – Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi
tashkil etildi. O‘zbek-yapon ilmiy aloqalari ham kengayib bormoqda. Toshkent,
Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va boshqa shaharlardagi oliy o‘quv yurtlarining
o‘quv dasturiga yapon tilini o‘rganish ham kiritilgan. Ikki mamlakat o‘rtasida
madaniy aloqalar ham keng rivojlanmoqda. Xususan, Tokiodagi milliy nafis san’at
va musiqa universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda Xalqaro madaniyat
karvonsaroyining ishga tushirilishi, “Jahon tinchlik qo‘ng‘irog‘i”ning barpo
etilishi, Yaponiyadagi bir qancha ijtimoiy tashkilotlar ko‘magida Osaka,
Fukusima, Maebasi shaharlarida doimiy faoliyat olib boruvchi O‘zbekiston
madaniyat uylarining ochilishi bunga yorqin misoldir. Yaponiya va O‘zbekistonda
ko‘plab ko‘rgazma, taqdimot, kinofestival, milliy musiqa va raqs guruhlarining
konsertlari, shuningdek, 1996 yildan O‘zbekistonda Yaponiya madaniyati kunlari
muntazam o‘tkazib kelinmoqda.