
23-dekabr kuni O‘zbekiston
Futbol Federatsiyasining yil yakunlariga va 2013 yil laureatlarini
taqdirlashiga bag‘ishlangan tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston
U-17 o‘smirlar terma jamoasining bir yo‘la uch nafar futbolchisi —
Akobir To‘rayev, Jamshid Boltaboyev va Izzatilla Abdullayevlar «Yilning
eng yaxshi yosh o‘yinchisi» yo‘nalishida g‘olib deb topildi. O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi
bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev «Yilning futbol bo‘yicha eng yaxshi bolalar
murabbiyi» nominatsiyasida g‘olib deb topildi. «Fair Play — Halol
o‘yin» nominatsiyasida Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi g‘olib chiqdi. Jamoa
futbolchilari mavsum davomida hakamlar tomonidan 45 marta ogohlantirilgan
bo‘lsa-da, biroq hakamlar ushbu jamoa futbolchilariga biror marta qizil
kartochka ko‘rsatishmadi. Futbolchilarni ogohlantirish va maydondan
chetlatish huquqiga ega bo‘lgan vakolatli shaxslar — futbol hakamlari
orasida esa ketma-ket sakkizinchi marta Ravshan Ermatov «Yilning eng yaxshi
hakami» deb topildi. «Eng yaxshi matbuot xizmati» nominatsiyasi
bo‘yicha «Nasaf» futbol klubi matbuot xizmatiga teng keladigani topilmadi. Toshkentning
«Bunyodkor» klubi ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishur 19ta gol bilan
mavsum to‘purariga aylandi va o‘z-o‘zidan, O‘zbekiston
Chempionati-2013ning «eng yaxshi to‘purari» sovrinini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston
milliy terma jamoasi hamda Moskvaning «Lokomotiv» klubi himoyachisi Vitaliy
Denisov OAV hodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yakuniga
ko‘ra O‘zbekistonning 2013 yildagi «eng yaxshi futbolchisi»
deb topilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Milliy Chempionati bronza medali sohibi
va O‘zbekiston Kubogi finalchisi Qarshining «Nasaf» klubi bosh murabbiyi
Ro‘ziqul Berdiyev yilning «eng yaxshi murabbiyi» deb topildi. Tantanali
tadbir davomida 2013 yili o‘z yosh toifasida Tukriya va BAA
davlatlarida tashkil etilgan jahon chempionati bahslarida chiroyli
va muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatgan O‘zbekiston U-20 yoshlar
va O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi a’zolarini taqdirlash
marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, har ikkala terma jamoa murabbiylari, mos ravishda, Ahmadjon
Musayev va Dilshod Nuraliyev «Chevrolet Malibu» rusumidagi avtomobillar
bilan taqdirlanishdi.