1994-yil
31-avgust mustaqillik arafasida taniqli haykaltarosh Ilhom Jabborov bronzadan
quyma yasagan Amir Temur haykali Toshkent
aholisiga taqdim etildi. Haykaltarosh usta akademik maktab vakili, ko‘p marotaba dunyo bo‘ylab sayohat qildi, Meksikada Rivera, Orasko va Sikeyros
haykallarini ko‘rib o‘z ijodini qayta nigohidan o‘tkazdi. Aynan shu ijodiy
safar natijasida Badiiy Akademiya akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
san’at arbobi Ilhom Jabborov biz bugun ko‘rib turgan otliq Amir Temur haykalini
mana shunday ajoyib ko‘rinishda yaratdi.
Amir Temur shaxsini Toshkentning markaziy qismi ramzi
sifatida tanlash tasodifiy emas. Buyuk sarkarda va davlat arbobi, o‘zbek
davlatchiligi asoschisining timsoli poytaxt aholisini mustaqil davlatni yaxlit
birlashtirishga, buyuk ajdodlarning ezgu ishlarini davom ettirishga chaqiradi.
Haykal Amir Temurning o‘tirgan holatini ifoda etadi. Hukmdor jangovar kiyimda,
go‘yoki g‘alabali yurishdan qaytmoqda, chap qo‘li bilan olovli otini
jilovlamoqda, o‘ng qo‘li uni kutib olayotgan odamlar uzra ko‘tarilgan va
mamlakatda tinchlik, osoyishtalik hukm surishini ma’lum qilmoqda. Hukmdorning
viqorli salobati va yarim bukilgan qo‘li farovonlik va taraqqiyot ramzidir.
Haykal o‘rnatilgan tagkursida esa buyuk Temurning “Kuch – adolatdadur”
shiorining to‘rt tilda yozilganligini ko‘ramiz. 2009-yil noyabrida hukumat
qaroriga muvofiq, Amir Temur xiyoboni tubdan qayta tiklandi: ko‘pchiligining
yoshi 100 dan o‘tgan keksa daraxtlar kesib tashlandi. Xiyobon hududida hashar
uyushtirilib, tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirildi, ko‘rkam, go‘zal va shinam
bog‘-xiyobon vujudga keltirildi. Turli manzarali daraxtlar, gullar ekilib,
zamonaviy favvoralar o‘rnatildi.