SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
ARXIV
Mart 2023
YaDuSeChPaJuSh
   1234
567891011
12131415161718
19202122232425
2627283031 
Yapon adibi Xaruki Murakami tavallud topgan kun
1949-01-12

12 yanvar — yapon adibi Xaruki Murakami tavallud topgan.
Xaruki Murakami 1949 yili Yaponiyaning Kioto shahrida tug‘ilgan. Bobosi ruhoniy bo‘lgan, otasi maktabda yapon tili va adabiyotidan dars bergan. Maktabni bitirgach, bo‘lajak yozuvchi Vaseda universitetining teatr san’ati bo‘limiga o‘qishga kiradi. Lekin o‘qishdan ko‘ngli sovigan Xaruki vaqtini universitetning muzeyida Amerika filmlarining ssenariylarini o‘qish bilan o‘tkazadi. Keyinchalik bu ssenariylar shakli unga asar yozishda juda qo‘l keladi.
Yapon yoshlari orasida siyosiy guruhbozlik avj olgan 60-yillari oxirida oliy o‘quv yurtlarida “Talabalar ixtilofi kongressi” uyushmasi tashkil topadi. Bu uyushmada Murakami ham faol ishtirok etadi. Lekin 70-yillar boshida, Yaponiya iqtisodi juda tez rivojlana boshlagan davrda siyosiy guruhlar o‘z-o‘zidan tarqalib ketadi. Bu yillarni adib shunday xotirlaydi: “Talabalik davrimda hatto havo ham idealizm, urushga qarshi kayfiyat bilan to‘yingandek edi. O‘zim siyosiy namoyishlarda faol qatnashganman. Lekin 70-yillarga kelib, bularning hammasi qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Shunda hech qanday maslakka ishonib bo‘lmasligini tushundim. Bunday harakatlarga boshqa qo‘shilmayman, deb o‘zimga so‘z berdim. Ular meni sotishdi. Ulardan ko‘nglim qoldi. Keyin shu tuyg‘ularimni qog‘ozga tushira boshladim. Ijod yo‘lim  shunday  boshlandi”.
1974 yili bo‘lajak adib yaqinlaridan qarz olib, “Piter Ket” deb nomlagan jaz-bar ochadi. 1978 yili aprelda Yaponiya va AQSh o‘rtasida beysbol matchini stadionda tomosha qilib o‘tirib Murakami roman yozish haqida o‘ylay boshlaydi. Ilk asari — “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romani Yaponiyada adabiyot sohasidagi eng nufuzli mukofotga loyiq topilib, 1979 yili 150 ming nusxada chop etiladi. Shundan keyin Murakami o‘zini ijodga bag‘ishlaydi.
Hozircha uning o‘ttizdan ortiq kitobi chiqqan, 2003 yilgacha asarlari dunyoning o‘n sakkiz tiliga tarjima qilingani ma’lum. Ko‘p yillar Amerika va Yevropada yashagan adib hozir vatanida ijod qilmoqda.
Xaruki Murakami asarlarini berilib mutolaa qiluvchilar orasida maktab o‘quvchilaridan tajribali adabiyotshunos va faylasuflargacha bor. Lekin oddiy kitobxon uning romanlarini qanchalik berilib o‘qimasin, muallifning asar matniga singdirilgan g‘oyasini topishda qiynaladi.
Adabiyotshunoslar Murakami asarlarini musiqaga o‘xshatishadi. “Uning asarlari shunday chiroyli uslubda yozilganki, hatto g‘ayritabiiy voqealar, uzuq-yuluq dialoglar ham syujetga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos tushadi. Asarlar tili shunchalik ravonki, ularni soatlab o‘qisangiz ham charchamaysiz”, deydi adabiyotshunos D.Kovalenin. Haqiqatan ham, Murakami romanlarini berilib o‘qiganingizda voqealar, qahramonlar ham ikkinchi planga tushib qolib, asar matnidan rohatlana boshlaysiz. “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romanini “Mukammal matn aslida yo‘q narsa...”, deya boshlagan bo‘lsa-da, adib har bir asarida matnni kitobxonni hayratga soladigan darajaga yetkazishga urinadi va ko‘pincha buning uddasidan chiqadi. Murakami romanlarining postmodern adabiyoti namunalari sifatida e’tirof etilishiga ham, nazarimizda, adibning o‘z asarlarida matn va uslubni birinchi planga olib chiqqani sabab bo‘lgan.
Har qanday jiddiy adabiy oqim biror-bir falsafiy g‘oyaga asoslanadi. Bu o‘rinda sentimentalizm, romantizm, klassisizm kabi yo‘nalishlarni eslash kifoya. Modernizm esa, jahon adabiyotida mutlaqo o‘zgacha, an’analarni inkor etib, “hammasini qaytadan qurish”ga da’vat etuvchi isyonkor oqim sifatida yuzaga keldi. Realistik asarlarni hayotdan ko‘chirilgan nusxa, deb hisoblagan modernchi ijodkorlar o‘z asarlarida matnni, uslubni birinchi o‘ringa qo‘yishdi. Ular an’anaviy tasvir vositalarini chetlab o‘tib, dunyoni o‘zlari qanday ko‘rsa, qanday his qilsa, shunday tasvirlay boshlashdi. Shuuridagi olamni o‘ziga xosligi, jumboqlari bilan qog‘ozga tushirgan adib o‘z asarlarining bosh qahramoniga aylandi. Muallifning sub’ektiv qarashlarini tasvirlash bosh maqsadga aylangan modern asarlarda matn hamma narsadan ustun qo‘yildi. 
Evropa madaniyati va falsafasida taxminan ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan va XX asrning saksoninchi yillaridan adabiyotda qaror topa boshlagan postmodernizm vakillari hayot matnga teng, degan aqidaga tayanadilar va badiiy matn ustida tinimsiz tajribalar o‘tkazadilar. Bu ijodiy izlanishlar natijasida bugunga kelib badiiy ijoddan ko‘zlangan maqsad o‘zgardi. Adabiyotda yangi fikr aytish imkoni qolmagan sharoitda postmodernchilar badiiy tasvir vositasi — tilni syujet va kompozisiyaning bosh obektiga aylantirishdi. Murakamining “Shamol qo‘shig‘ini tingla” romani bunga yorqin misol bo‘la oladi. Asarda yozuvchi ilgari surgan g‘oya tugul tayinli syujet chizig‘ini ham topish qiyin. Lekin shaharlik talaba yigit tilidan hikoya qilinayotgan jo‘ngina voqea kitobxonga darrov yoqib qoladi. Aniqrog‘i, unga bosh qahramonning hikoya usuli, asar tili yoqadi. Chiroyli musiqaga o‘xshaydigan bu tasvir usulini Murakami kitobxonni voqeadan chalg‘itib asar tilidan, matnidan zavq oladigan  darajaga  olib  chiqadi.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan