
Ibrohim Hamroqulov 1982 yilning 29 iyulida
Samarqand viloyatida tug'rilgan. Shaxmat bo'yicha o'smirlar o'rtasida Jahon va Osiyo chempioni.
"Universiada-2000"
musobaqasining g'olibi. Xalqaro miqyosdagi sport ustasi. Bugungi kunda Hamroqulovlarni
nafaqat yurtimizda, balki ko'plab xorijiy mamlakatlarda ham shaxmatchilar
oilasining vakillari sifatida yaxshi bilishadi. Chunki oila boshlg'i Shahob
Hamroqulov tajribali shaxmat murabbiylaridan biridir. Farzandlari — Iroda,
Ibrohim, Shahnoza, Jo'rabek bolalar va o'smirlar o'rtasida O'zbekiston
chempionlari, Osiyo va jahon birinchiliklari qatnashchilari. Ularning orasida
hozircha eng katta yutuqni qo'lga kiritgani Ibrohim Hamroqulovdir.
U bolalar va o'smirlar
o'rtasidagi mamlakat birinchiliklarida bir necha bor g'olib chiqqan. 1996 yili
O'zbekiston birinchi tabaqasida tajribali shaxmatchilarni ortda qoldirib, oliy
tabaqaga yo’llanma olgan. Oliy tabaqada grossmeyterlarimizga qarshi dona surish
Ibrohimning tajribasini oshirdi. U 1998 yili o'smirlar o'rtasida avval
Ispaniyada jahon chempioni, keyin Eronda Osiyo chempioni degan yuksak sharafga
sazovor bo'ldi. Ayniqsa, 2000 yil
Ibrohim Hamroqulov uchun omadli keldi. U Gresiyada bo'lgan ikkita yirik xalqaro
musobaqada g'olib chiqdi. Namanganda tashkil etilgan birinchi mamlakat
Universiadasida esa ham shaxsiy hisobda, ham Samarqand viloyati jamoasi
tarkibida birinchi o'rinni egalladi va g'oliblar qatori Prezidentimizning sovg'asi
— "Tiko" avtomobili bilan mukofotlandi.