1994 yil 3 oktyabr – Toshkent shahrida Jahon sayyohlik tashkilotining
“Ipak yo’li” xalqaro konferinsiyasi ochildi. “Ipak yo’li bo’ylab sayyohlik
bo’yicha Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilindi. “Buyuk ipak yo’li” sayyohlik yo’nalishlari – O’zbekistonda
tashkil qilingan asosiy sayyohlik yo’nalishlari. 1994 yil Toshkent va Samarqandda Jahon sayyohlik
tashkilotining “Ipak yo’li” loyihasini ishlab chiqish bo’yicha xalqaro
yig’ilish bo’lib, unda O’zbekiston mazkur qadimiy yo’nalish markazi deb
belgilandi. 1995 yil 2 iyunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti “Buyuk ipak yo’lini qayta
tiklashda O’zbekistonning ishtirokini avj oldirish va respublikada xalqaro sayyohlikni
rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar to’g’risida” farmon qabul qildi. Shu
asosda “O’zbekturizm” milliy kompaniyasi “Ipak yo’li” o’tgan tarixiy manzillar
bo’ylab 200 dan ortiq yo’nalishlar ishlab chiqdi. Ular asosiy sayyohlik
zonalarini qamrab oladi va Toshkent,
Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Farg’ona vodiysi shaharlari bo’ylab o’tadi. “Ipak
yo’li” ning tarmoqlari hisoblangan Andijon, Namangan, Farg’ona, Termiz, Nukus shaharlari
orqali o’tuvchi yo’nalishlar ishlab chiqilmoqda. Farg’ona vodiysi bo’ylab
o’tuvchi yo’nalish – “Farg’ona oltin halqasi” Qo’qon, Farg’ona, Andijon, Namangan shaharlarini o’z
ichiga oladi. Bu sayyohlik yo’nalishlari o’z maqsad va vazifasiga qarab
quyidagi guruhlarga bo’linadi: ixtisoslashgan va sarguzashtli sayyohlik,
qishloq sayyohligi, suvda va avtomabilda sayyohlik, kemping va karvonsaroylarda
dam olish bilan davom etuvchi sayyohlik, etnik, diniy, o’quv va yoshlar
sayyohligi. “Buyuk ipak yo’li” sayyohlik yo’nalishlarida sayyohlar uchun qulay
shart-sharoitlar yaratish, ularga namunali xizmat ko’rsatish maqsadida yangi
shinam mehmonxonalar, kempinglar, motellar, umumiy ovqatlanish va dam olish
maskanlari bunyod etilmoqda. Shu sababli bu yo’nalishlar bo’ylab safar
qiluvchilar soni yil sayin ortib bormoqda.
Ma’lumot:
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2001.