
Nilufar Raxmatovа 1977 yilning 20 avgustida G'azalkent shahrida tug'ilgan. Iqtidorli yosh xonanda. "Nihol" mukofoti sohibi. Nilufar Rahmatova Toshkent davlat san`at institutining musiqali drama fakultetida tahsil olayotgan kezlaridayoq o'z iqtidorini namoyish etgan. Jizzax shahrida o'tkazilgan "Yangi taronalar" qo'shiq tanlovida sovrindor bo'lgan (1998 yil). "Tarona-2000" ko'rik tanlovida "Yosh umidli yulduz" yunalishi bo'yicha g'olib deb topilgan. Nilufar Mustaqillik bayramida ijro etgan "O'zbekiston" (1999 yili), Navro'z bayramida kuylagan "Assalom, Navro'z" (2001 yili) qo'shiqlari san`at shaydolari olqishiga sazovor bo'lgan. Shuningdek, u "Alpomish" dostonining ming yilligi tantanalarida teran ramziy ma`noga ega bo'lgan "Turnalar" qo'shig'i bilan ishtirok etgan. Namangan shahrida bo'lib o'tgan "Universiada-2000" sport anjumanida Nilufar Raxmatova "Qarashlar" qo'shig'i bilan qatnashgan. "Barkamol avlod" (2001 yil, Jizzax) sport anjumanida esa iste'dodli yosh xonanda "Ona tabiat" qo'shig'ini ijro etgan. Nilufar Raxmatova estrada yo'lidagi taronalari va milliy qo'shiqlari bilan san'at shaydolari qalbidan joy olmoqda. Keyingi paytlarda u ijro etgan mumtoz qo'shiqlar xonanda iste`dodining yangi qirralarini ko'rsatmoqda.