
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (Mustaqillik ko’chasi, 54) – xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro munosabatlar sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti va yirik ilmiy markaz. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga qaraydi. 1992 yil 23 sentyabrda tashkil etilgan. Tarkibida xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro munosabatlar fakul’tetlari, 18 kafedra, Til markazi (jahon tillari, fransuz tili, nemis tili, o’zbek tili kafedralari bilan), kompyuter; testlar; Boshqaruv instituti; Axborot texnologiyalari va masofaviy o’qitish markazi; diplomatik kurslar; akademik litsey faoliyat ko’rsatadi. Xalqaro munosabatlar, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq sohalari bo’yicha bakalavrlar va xalqaro munosabatlar, xalqaro savdo, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va geosiyosat, tashqi iqtisodiy va investitsion faoliyat, xalqaro huquq va boshqa yo’nalishlar bo’yicha magistrlar hamda xalqaro siyosat, iqtisod va xalqaro huquq sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi. Universitetda 2006/2007 o’quv yilida 1300 talaba o’qidi, 200 dan ortiq professor – o’qituvchilar, shu jumladan, 1 akademik, 20 dan ortiq fan doktori, 80 dan ortiq fan nomzodi ishladi. Tashkil etilgandan beri 3000 dan ortiq bakalavr va 400 ga yaqin magistr tayyorladi (2008). Universitetning ko’pgina talabalari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya universitetlarida bakalavriatura, magistratura bosqichlarida ta’lim olmoqda. Universitetda o’quv ishlariga xorijiy mamlakatlardan professorlar, O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus mutaxassislari, elchilar taklif qilinadi, zamonaviy kompyuter texnologiyasidan keng foydalaniladi. Universitetda BMT, YUNESKO, TASISning Toshkentdagi vakolatxonalari xodimlari, xorijiy davlat arboblari, diplomatlari, O’zbekistondagi chet mamlakatlar elchixonalari vakillari bilan uchrashuvlar o’tkaziladi. Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo’yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash ishlaydi. Doktarantura (an’anaviy va elektron) ilmiy kutubxona (300 ming asar), 2 muzey, suv sporti va sog’lomlashtirish majmui, nashriyot bo’limi bor. O’quv qo’llanmalari, dasturlar, ilmiy, uslubiy qo’llanmalar chop etadi. Universitetda “Xalqaro munosabatlar” jurnali chiqadi.
Ma’lumot: Toshkent ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2009.