
Fransiyalik publisist Romen Rollan 1866 yilning 29 yanvar kuni Fransiya Janubidagi Klamsi deb ataladigan mo‘jazgina shaharchada istiqomat qiluvchi badavlat xonadonda tavallud topgan. Bolaligida onasi pianino chalishga o‘rgatar, shu bois u musiqani, ayniqsa, Betxoven asarlarini boshqacha sevib qolgan edi. Keyinchalik, Buyuk Lyudovik litseyida o‘qigan chog‘larida Vagner asarlarini ham shu qadar ishtiyoq bilan mutolaa qiladi va u 1889 yilda tarix o‘qituvchisi diplomini qo‘liga oladi. 1889-1891 yillarda Romen stipendiya bo‘yicha Rimga boradi va Ekol fransez, ya’ni Parijdagi oliy maktabda tarixni chuqur o‘rgana boshlaydi, biroq vaqt o‘tib, unda ilmiy izlanishlarga qiziqish so‘nadi va Shekspirning tarixiy pesalari ta’sirida Italiyadagi tiklanish davri voqealari hamda shaxslari haqidagi tarixiy dramalar turkumini yaratishga kirishadi. 1893 yilda Parijga qaytgan Romen ijod qila boshlaydi. Shundan keyin qariyb 17 yil davomida Rollan Sorbonnda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni musiqa va tasviriy san’at sohasiga oid ma’ruzalar o‘qish bilan birga olib boradi. Shu yillarda shoir Sharl pegi bilan tanishadi va uning jurnalida ilk asarlarini chop ettiradi. Rollanni ko‘proq madaniyatlar tarixi, ayniqsa, uning ta’biri bilan aytganda, bu tarixning “qahramonona” davrlari qiziqtirar, shundan u alohida mavzularda emas, butun turkum asarlar yaratishga kirishar va ko‘pincha, ularni oxiriga yetkazmay to‘xtatib qo‘yardi. U 1901 yilda Mikelanjeloning hayoti va faoliyati haqidagi kitobni tugatadi. U keyinchalik Gendel, Tolstoy, Vivekanandlarning hayoti va faoliyati haqida asarlar yaratgan. 1915 yilda adib “Jan-Kristof” romani, rasman esa “adabiy asarlaridagi yuksak g‘oyalar,turli insonlar qiyofasini aks ettirishdagi haqqoniylikka bo‘lgan sadoqati va muhabbati uchun” adabiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi. Romen Rollan 1944 yilning 30 dekabr kuni vafot etadi. U dunyo adabiyotida e’tirofga sazovor siymolardan sanaladi.