
Sattorov Jo'raqul Sattorovich (1938.1.10, Kattaqo'rg'on tumani Kallaqo'rg'on qishlog'i) – agrokimyogar, tuproqshunos olim, O'zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1994), qishloq xo'jalik fanlari doktori (1980), professor (1982), O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan qishloq xo'jaligi xodimi (1990). ToshDU biologiya-tuproqshunoslik fakultetini tugatgan (1962). Shu institutda aspirant (1962-65), assistent (1966) katta o'qituvchi (1967), dotsent( 2968), kafedra mudiri (1968-95), O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti direktori (1987-95), Samarqand universiteti rektori (1955-99). 1999 yildan O'zbekiston Respublikasi Yer resurslari Davlat qo'mitasi Tuproqshunoslik va agrokimyo institutida bo'lim mudiri. Ilmiy ishlari tuproq meleorasiyasi, tuproqshunoslik, agrokimyo va ekologiya, global muammo bo'lgan cho'llashish jarayonining tuproq qatlamiga ta'siri, suv omborlarining cho'kindi loyqalaridan qishloq xo'jalikda o'g'it sifatida foydalanish masalalariga bag'ishlangan. Sattorov sulfat tuzlari bilan sho'rlangan yerlarni kuz-qish oylarida yuvishning ilmiy asosini yaratdi, g'o'za va uning naviga qarab o'g'it berish sistemasini ishlab chiqdi, “nav agrokimyosi” yo'nalishiga asos soldi.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2003.