14
yanvar - Hindistonda Xalqaro varraklar
festivali
14 yanvarda Hindistonning moviy qish osmoniga turli rangdagi hajm va shakldagi varraklar uchiriladi. Varraklar, shubhasiz insonlarning osmonga parvoz qilishi haqidagi orzularidan biri bo‘lib qoldi.Varraklarni yaratish va rivojlantirish tarixi o‘zining davomiyligi va mazmundorligi bilan e’tiborni jalb qiladi. Shu sababli varraklar festivali dunyoning ko‘p mamlakatlarida o‘tkazilib, shu san’atning havaskorlari va mutaxassislarini jalb qilmoqda. Hindistonda har yili 14 yanvarda Xalqaro varraklar festivali o‘tkaziladi. Hindistonning g‘arbidagi Gudjarat shtatidagi eng yirik shahar -Axmedobod shahri o‘tkazish joyi sifatida tanlangan. Qish mavsumining tugashi - Xalqaro varraklar festivalining o‘tkazilish vaqti - musaffo va moviy osmon, bahor tabiatining ifori, umid tuyg‘ulari, quvonch va xursandchiliklar barcha festival ishtirokchilarini jalb etadi. Varraklar festivali Gudjarat shtatining barcha yirik shaharlarida o‘tkaziladi, lekin Axmedobod shahrida Xalqaro varraklar festivalining o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega. Axmedobodga Xalqaro varraklar festivalini o‘tkazishga havaskorlar va mutaxassislar, varrak ishlab chiqaruvchilar va ekspertlar, nafaqat Hindistondan balki, dunyoning barcha burchaklaridan yig‘ilishadi. Varraklarning dizayni, rangi, hajmi o‘zining xilma-xilligi bilan e’tiborni jalb qiladi. Ishtirokchilar orasida esa yoshlarni hamda keksalarni uchratish mumkin. Festivalga oilaviy, do‘stlar va kamkasblar jamoa bo‘lib kelishadi. Ko‘plab tomoshabinlar shouni nafaqat maxsus jihozlangan maydonlardan, balki o‘z uylarining va yaqin atrofdagi binolarning tomlaridan ham kuzatishlari mumkin. Osmonda parvoz qilayotgan varraklar bepoyon osmonga qarab uchayotgan g‘aroyib qushlarni eslatadi. Lekin haqiqiy hayratlanarli bayram tunda varraklarni uchirish hisoblanadi. Ular odatda umumiy ip bilan bog‘langan, ichidan yoritilgan va bir qator qilib joylashtirilgan bo‘ladi. Axmedobod shahridagi varraklar muzeyiga borib, bu san’at turi tarixi haqida ko‘p ma’lumotlarini olish mumkin. Masalan, 1870 yilda avstraliyalik ixtirochi Lourens Xargreyv qutili varrak konstruksiyasini ishlab chiqdi, u yengil va mustahkam bo‘lgan, hamda chidamliligi va yuqori ko‘tarilish kuchi bilan farq qilardi. Aynan, shu konstruksiya 20 asr boshlarida birinchi biplanlarning yaratilishida asos bo‘lib xizmat qilgan.