
Yangi yilni kutish odati hamma xalqlarda bor. Yangi yil arafasida
archalar bezatiladi. Archa bayramlarida Qorbobo bilan Qorqiz sovg‘a-salomlar
bilan bolalar huzuriga kelishadi. Ko‘pchilik xalqlarda Yangi yilda archa
chiroqlarini yoqish odati uzoq zamonlardan yetib kelgan. Bu odat qadim
zamonlarda Angliya bilan Germaniyada istiqomat qilgan xalqlarda vujudga kelgan.
O‘sha uzoq o‘tmishda odamlar qish vaqti o‘rmonda doimiy yam-yashil archa
atrofiga to‘planishib, gulxan yoqishgan, qo‘shiq aytib, o‘yin-kulgi qilishgan.
Yangi yil hamma xalqlarda birday 1-yanvardan boshlanmaydi. Ba'zi xalqlar vaqt
hisobini Oy-Quyosh taqvimi bo‘yicha olib boradilar, shuning uchun yilning
boshlanishi bir joyda kuzga to‘g‘ri kelsa, boshqa joyda qishga to‘g‘ri keladi.
O‘rta Osiyo va yaqin Sharq xalqlarda Navro‘z bayrami qadimiy, ananaviy yangi
yil bayrami hisoblanadi. Qadimgi rimliklarda mart yilning birinchi oyi
hisoblangan, chunki bu vaqtda dala ishlari boshlangan. Yil
10 oydan iborat bo‘lgan, keyin oylar soni 2 ta ko‘paygan. Miloddan avval
46-yilda Rim imperatori Yuliy Sezar yilning boshlanishini 1-yanvarga ko‘chirdi.
Uning nomi bilan atalgan Yuliy taqvimi butun Yevropaga tarqaldi. Shu tariqa
yangi yil qish vaqtida kutish rasm bo‘ldi. Hijriy-shamsiy yil hisobi bo‘yicha
yangi yil ko‘pchilik Sharq mamlakatlarida 21-marta kutiladi. Islomiy taqvim
bo‘yicha esa yangi yil har yili 10-12 kun oldinga suriladi va muharram oyning
1-kuni yil boshi hisoblanadi.