1926 yil 29 sentyabr – Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz tumani tashkil
etilgan.
Shahrisabz tumani - Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29
sentyabrda tashkil etilgan. Shimoldan Kitob tumani, sharqdan Tojikiston,
Surxondaryo viloyati, janubdan Yakkabog’, Qamashi, g’arbdan Chiroqchi tumanlari
bilan chegaradosh. Maydoni 1,70 ming km2. Aholisi 272,4 ming kishi (2004).
Tumanda 1 shahar (Shahrisabz): 1 shaharcha (Miroqi), 12 ta qishloq, fuqarolar
yig’ini (Dukchi, Kunchiqar, Mo’minobod, Na'maton, Oqsuv, To’damaydon, Xitoy,
Shakarteri, Shamaton, O’zbekiston, Qutchi, Hisorak) bor. Markazi — Shahrisabz
shahri. T a b i a t i. Tuman hududi Qashqadaryo viloyatining shimoli-sharqiy
qismida, Hisor tog’larining etaklarida Joylashgan. Tumanning g’arbi ochiq voha
— Qarshi cho’liga tutashib ketadigan tekislikdan iborat. Tog’lardan oqib
tushadigan Oqsuv, Qashqadaryo, Tanxozdaryo, Qizildaryo, Tamshush, Miroqi
daryolari jarliklar hosil qilgan. Miroqi tog’ etaklaridan qora marmar qazib
olinadi. Iqlimi kontinental. Yillik o’rtacha t-ra 14,7°. Yanvarning o’rtacha
t-rasi 0,8°, eng past t-ra —26°. Iyulning o’rtacha t-rasi 28°, eng yuqori t-ra
43°. Yiliga 545 mm
yog’in tushadi. Vegetatsiya davri — 219 kun. Tuproqlari bo’z, jigarrang va
qo’ng’ir tog’-o’rmon tuproqlari. Yovvoyi o’simliklardan qo’ng’irbosh, rang,
shuvoq, oqquray, pashmak, sho’ra, bug’doyiq, kovrak, qarg’aoyoq, qamish, yulg’un,
yantoq, tog’ yon bag’irlarida archa, do’lana, tog’olcha, chinor o’sadi. Yovvoyi
hayvonlardan qobon, bo’ri, ayiq, jayran, qo’shoyoq, yumronqoziq, jayra va boshqalar
uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa
millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 160,2
kishi. Shahar aholisi 98 ming, qishloq aholisi 174,4 ming kishi (2004). Xo’jaligi.
Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Shahrisabz tumanida
9 qo’shma korxona, kichik korxonalar, 1300 ga yaqin xususiy korxona, 14 shirkat korxonasi, 19 aksiyadorlik jamiyati mavjud. Qishloq
xo’jaligining yetakchi tarmog’i paxtachilik, shuningdek, g’allachilik, chorvachilik,
pillachilik ham rivojlangan. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 18 ming
ga, shu jumladan, 5,8 ming ga yerga
paxta, 2,0 ming ga yerga sabzavot va poliz, 2,0 ming ga yerga beda, 0,3 ming ga
yerga kartoshka ekiladi. 3,4 ming ga yer bog’. Tumanda 12 shirkat xo’jaligi. 4
ta xo’jaliklararo korxona, 478 ta fermer xo’jaligi bor (2004). Hisorak suv
ombori qurilgan. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 52,7 ming qoramol,
51,6 ming qo’y va echki, 800 dan ziyod yilqi, 177,5 ming parranda boqiladi. 2003/04
o’quv yilida 109 ta umumiy ta'lim maktabila 69 ming o’quvchi ta'lim olgan.
Tuman hududida 11 ta klub, 11 ta madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i,
muzey, 60 kutubxona tarmog’i, 2 stadion mavjud. Tumandagi 14 ta kasalxona, 8
poliklinika, 18 ta qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 13 qishloq vrachlik
punktida 775 vrach, 3,5 ming o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududi orqali
Toshkent—Kitob poyezdi o’tadi. Shahrisabz bilan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi,
Termiz, Denov o’rtasida va Shahrisabz bilan Hazora, Shamaton, Qoraloycha qishloqlari
orasida avtobuslar qatnaydi. Tumandagi asosiy me'moriy yodgorliklar Shahrisabzda
joylashgan. 1931 yildan tuman “Kesh” gazetasi nashr etiladi (adadi 2182).
Ma’lumot:
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”.
T.2005.