
Kompozitorlik
maktabi asoschisi Shimanovskiy Karol’ tavallud topgan kun.
Shimanovskiy
Karol’ Matsey (1882. 6.10, Timoshovka, — 1937. 29.3, Lozanna) — polyak
kompozitori, pianinochi, musiqa-jamoat arbobi, zamonaviy milliy kompozitorlik
maktabi asoschisi, musiqiy orientalizmning yirik namoyandasi. San’atkorlar oilasida
tug’ilib, bolaligidan otasi, so’ng tog’asi (G.V.Neygauz)dan fortepiano saboqlarini
olgan, 8 yoshida ilk ommabop konsert bergan. 1901 yildan Varshavada yashab,
kompozitsiya va nazariy fanlardan ta’lim olgan, 1905 yil “Yosh Pol’sha”
kompozitorlari safiga qo’shilgan. Keyinchalik Avstriya va Germaniyada tahsil ko’rish
jarayoni Shimanovskiy ijodiy uslubiga salbiy (milliylashish o’rniga —
nemislashish yusinida) ta’sir ko’rsatgan. Ijodiy inqirozdan qutulish maqsadida
Jazoir, Tunis va boshqa Sharq
mamlakatlariga yo’l olib, ommaviy-diniy marosim kuy va usullarini yozib olgan.
Avvallari ham sharqona mavzularga (“Zulayho” qo’shig’i, “Hofizning ishqiy qo’shiqlari”
turkumi) murojaat qilib kelgan Shimanovskiy, safardan qaytgach, “Hofizning ishqiy
qo’shiqlari — II”, R.Tagor she’rlariga va “Ehtirosli muazzin qo’shiqlari” vokal
turkumlarini yaratdi. Kompozitorning sharqona asarlarining eng yetuk namunasi —
Jaloliddin Rumiyning “Imshab” (“Bu kecha”) radifli g’azali asosida — yakkaxon
xonanda, xor va simfonik orkestr uchun yaratgan “Tun haqidagi qo’shiq” nomli
3-simfoniyasi (1914) dir. Shimanovskiy,
shuningdek, “Xagit” (1922), “Qirol Roger” (1926) operalari, “Xarnasi”
(1934) baleti, qator diniy asarlar (mashhuri — “Stabat mater”), cholg’u konsertlar,
o’nlab kamer turkumlar (ular orasida “Shahrizoda”), bir qancha ilmiy maqolalar
va “Efeb” romani muallifi. Musiqiy romantizm va impressionizm tamoyillari, Uyg’onish
davri musiqa unsurlari hamda milliy fol’klor janrlaridan ijodiy foydalanib, o’ziga
xos musiqa uslubini yaratgan.
Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi.
“O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2005.