SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Aprel 2020
YaDuSeChPaJuSh
   1234
56781011
12131415161718
19202122232425
2627282930  
Italiya musiqa (skripka) san'atining yirik namoyandasi Antonio Vivaldi tavallud topgan kun
1678-03-04

XVIII asr Italiya musiqa (skripka) san'atining yirik namoyandasi, musiqiy ijroga yangi dramatik yo'nalish olib kirolgan buyuk iste'dod egasi Antonio Vivaldi 1678 yilning 4 mart kuni Venesiya shahridagi obro'li xonadonlardan birida dunyoga keldi. Uning ota-bobolari Alp tog'i yonbag'irlarida joylashgan Breshiada shaxarchasining nufuzli kishilari bo'lgan. Otasi Jovanni Battista 10 yoshida buvisi bilan Venesiyaga ko'chib o'tgan va sartaroshga shogird tushgan. O'sha paytda Italiyadagi sartaroshxonalarda mijozlar zerikmasligi uchun turli musiqa asboblari ham ilib qo'yilar edi. Bo'sh vaqtlarda xonadagi skripkani ermak qilib chalib yurgan Jovanni bora-bora ushbu musiqa asbobiga juda qiziqib qoladi va yillar o'tishi bilan professional skripkachiga aylanadi. Kim biladi, balki otasi musiqaga oshno bo'lgan o'sha ondayoq bastakorlik Vivaldining taqdiriga bitilgandir. 1677 yilda Jovanni Kamilla Kalikkoga uylanadi, oradan bir yil o'tib ular farzandli bo'lishadi, o'g'ilchaga Antonio deb ism qo'yishadi. Ma'lumotlarga ko'ra, Antonioning Margarita Gabriela, Chechiliya Mariya va Dzanetta Anna ismli singillari hamda Bonaventura Tomaso va Franchesko Gaetano ismli ukalari ham bo'lgan. Xuddi otasiga o'xshagan malla soch Antonioni Venesiya ko'chalarida ilg'ab olish qiyin emasdi, chunki asil venesiyaliklar orasida bundaylar kam uchragan. Shu tufayli ham Vivaldi haqida yozilgan ko'pgina asarlarda unga "Prete rosso", ya'ni malla ruhoniy deb ta'rif berilgan. Vivaldining musiqaga qiziqishiga, shubhasiz otasi sababchi bo'lgan. Uning ilk ustozi ham Jovanni bo'lganini taxmin qilish mumkin, zero Antonio aynan qaysi musiqachining qo'lida saboq olgani haqida aniq ma'lumotlar saqlanib qolmagan. U ham otasi kabi 10 yoshida qo'liga skripka olib, musiqa chala boshlagan. Otasining cherkovdagi faoliyati Antonioni ham shu yerga yetaklaydi. Bu dargohda u ham diniy, ham musiqiy bilimlarni egallaydi. Sog'lig'i bilan bog'lik muammolar bo'lmaganida, Vivaldi bir umr cherkovda qolarmidi, balki. Biroq, tug'ilayotganda ko'krak qafasidan jarohat olgan Antonio oradan yillar o'tib, damqisma kasalligidan azob cheka boshlaydi. Shu bois ham u cherkovdan ketib, 1703 yilda Venesiyadagi qizlar musiqa maktabi Ospedale delle Pietaga "maestro di violino" (skripka o'qituvchisi) bo'lib ishga joylashadi va 1716 yilga qadar, ya'ni "maestro di concerti" darajasiga yetguncha skripkadan dars berib yuradi. 1705 yili Venesiyadagi Juzeppe Sala nashriyoti uning 12 sonatasini kitob qilib chop etadi. Kelasi yili Vivaldi sonata janriga qayta-qayta murojaat qilib, bir necha musiqiy asbob jo'rligi uchun kuylar yaratadi. Vivaldining ikkinchi to'plami ham 12 sonatani o'z ichiga olgan bo'lib ularning barchasi skripka uchun mo'ljallagan edi. 1706 yilda Vivaldi Fransiya elchixonasida birinchi marta keng omma oldida chiqish qiladi. E'tirof etish joizki, uning katta san'atga ilk qadami kutilganidan ham a'lo natijalar berdi. Tinmay izlanib, bir-biridan go'zal kuylar yaratgan Antonio tez orada musiqa ixlosmandlarining mehrini qozondi. 1703-1711 yillar oralig'ida Vivaldi yaratgan triosonatalar, skripka uchun sonatalar va ayniqsa, "L’estro armonico" ("Ilxom garmoniyasi") nomi ostidagi 12 konsertdan iborat turkum tinglovchilar tomonidan zo'r olqishlar bilan kutib olindi. Vivaldining shuxrat qozonishiga Venesiyaning Evropa madaniyatida tutgan katta mavqei ham sabab bo'ldi, deyishga asos bor. Qitaning sayyohlik markazi bo'lgan Venesiyaga o'sha yillari ko'plab e'tiborli kishilar tashrif buyurardi. Shu tufayli Venesiyada nazarga tushgan moxir skripkachi va bastakorning nomi tez orada butun Evropaga tarqaldi. Jumladan, 1709 yili u qirol Frederik IV bilan shaxsan tanishish sharafiga muyassar bo'ladi. Keyinchalik Antonio unga atab 12 ta skripka uchun sonata yaratadi. Uning musiqiy asarlari Amsterdamda kitob holida nashr qilinib, tezlikda butun shimoliy Evropaga tarqaladi. O'sha yillari Venesiyaga tashrif buyurgan musiqachi borki, bastakor bilan uchrashish, uning suhbatidan baxramand bo'lishga oshiqardi. Hatto germaniyalik mashxur bastakor Iohann Sebastyan Bax ham Vivaldi musiqalarini yoqtirib qolib, ularni boshqa musiqiy asboblarda ijro etib ko'radi. Baxdan o'rnak olgan boshqa nemis bastakorlari ham Vivaldi asarini ijro qila boshlaydilar.1713 yili Vivaldi o'zining birinchi operasini yaratadi. "Otton villada" operasining premerasi o'sha yili 17 may kuni Venesniyadagi Delle Grazi teatrida bo'lib o'tadi. Domeniko Lalli asari asosida yozilgan ushbu opera Rim tarixiga bag'ishlangan bo'lib, ayniqsa, rimliklarning olqishiga sazovor bo'ladi. Keyinchalik Vivaldi Domeniko bilan hamkorlikda yana bir necha opera yaratishga muvaffaq bo'ladi. Umuman, aksariyat mutaxassislarning ta'kidlashicha, 1713-1718 yillar Vivaldi ijodining eng gurkiragan davri hisoblanadi. Besh yil ichida u jami 8 ta opera yaratishga muvaffaq bo'ladi. Bastakor 1719-1722 yillar oralig'ida Italiyaning Mantuya shaxarchasida va qisman Germaniyada yashab, ijod qilgani haqida taxminlar bor. Mantuyada u opera qushiqchisi Anna Jiro bilan tanishib qoladi. Buni qarangki, Annaning otasi ham sartarosh bo'lgan ekan. Ikki hamkasbning farzandlari ijodiy hamkorlik qila boshlaydilar va bu, ayniqsa, Annaning ijodiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Shu tariqa, Antonio Vivaldi konsertlariga xos bo'lgan "tez - ohista - tez" uslubi keyinchalik Evropa musiqasida ommalashib ketadi. Umuman mazkur kompozitorga zamondosh bo'lgan ko'plab soha vakillari undan andoza olganlar, uning yo'lidan ketganlar.Nafaqat kuy yaratishda, balki skripka ijrosida ham benihoya maxoratli san'atkor bo'lgan Vivaldi yozgan qariyib 550 konsertdan taxminan 350 tasi orkestr jo'rligidagi yakka ijrodagi musiqiy asbob uchun, shundan 230 tasi skripkaga mo'ljallangandir. Boshqa bastakorlardan farqli o'laroq, qaxramonimiz noodatiy musiqiy asboblar uchun ham kuy bastalagan. Uning viol damur, lyutnya va puflab chalinadigan shalmey, klarnet, valtorna kabi bir necha asboblarning yakka ijrosi uchun yozgan kuylari musiqa shinavandalarining xayratiga sabab bo'lgan. Bundan tashqari, fagot, violonchel, goboy va fleyta uchun ham alohida musiqalar bastalagani e'tiborga molik. Vivaldi, shuningdek, ko'pgina vokal (cherkov-diniy) va zamonaviy musiqalar ham yaratgan. Umrining so'nggi yillarini Venesiyadan tashqarida o'tkazgan Vivaldi 1740-yillarda o'zining raxnamosi - qirol Karl VI ning xuzuriga boradi. Biroq uning Venaga tashrifi o'ta noqulay paytga to’g'ri kelib qoladi. Bu paytda qirol vafot etgan va Avstriya taxti uchun jang boshlanib ketgan edi. Nochor ahvolda qolgan Vivaldi ish qidirib Drezdenga, so'ng Saksoniyaga ketadi va yo'lda qattiq betob bo'lib qoladi. Bir vaqtlar butun Evropaga dong'i ketgan, endilikda xasta, chorasiz ijodkorni ko'pchilik unutib yuborgan edi. Tushkun ahvolda yana Venaga qaytib kelgan Antonio Vivaldi 1741 yilning 28 iyul kuni qattiq shamollash tufayli vafot etadi. Turli davlatlarning eng nufuzli tadbirlariga kurk bag'ishlagan, son-sanoqsiz san'atkorlarni o'z ortidan ergashtirgan mashxur bastakor kambag'allar qabristoniga dafn etiladi. Uning yaqinlari, xususan, singillari Margarita va Dzanetta oradan bir oy o'tibgina Antonioning o'limi haqida xabar topadilar. 26 avgust kuni esa sud marxumning qarzlarini uzish uchun uning mulkini musodara qilish haqida xukm chiqaradi. Bir paytlar tuproq ostida Antonio Vivaldi shuxratiga loyiq o'rin topilmagan bo'lsa, bugunga kelib uning shoni yulduzlar qadar yuksalgan - Merkuriy sayyorasidagi kraterlardan biriga aynan Antonio Vivaldi nomi berilgan.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan