
Mustaqillik yillari “O‘zbekiston havo yo‘llari”
milliy aviakompaniyasi tuzilib, “Toshkent” aeroporti bu tuzilmaga kiritilgach, aeroport
va uning yaqinidagi infratuzilmalarni modernizatsiyalash bo‘yicha bir qancha loyihalar
amalga oshirildi. “Toshkent” aeroporti ikkita – “janubiy” va “shimoliy” uchish-
qo‘nish polosasiga ega. Aeroportda uchish-qo‘nish polosalaridan tashqari magistral
va kichik yo‘laklar, umumiy maydoni 58 gektar bo‘lgan perron bor. Mazkur perron
uzoq va o‘rta magistrallarga parvoz qiluvchi 110 ta samolyot to‘xtash joyiga ega,shu
jumladan bevosita aerovokzal oldida 4 ta to‘xtash joyi bor. 2001 yil asosiy yo‘lovchilar
terminali to‘liq rekonstruksiya qilindi, bunda markaziy havo yo‘llari aerovokzali
zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi va birmuncha qulay holatga keltirildi. Aerovokzaldan
har soatda 1000 dan ortiq yo‘lovchi o‘tishi mumkin.Yiliga 2 mln.dan ortiq yo‘lovchi
uning xizmatidan foydalanadi. “Toshkent” aeroportidan muntazam ravishda ichki yo‘nalishlar
bo‘yicha O‘zbekiston viloyatlari markazlariga, shuningdek, xalqaro yo‘nalishlar
bo‘yicha MDH mamlakatlari, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika mamlakatlarining 50ga
yaqin shahriga samolyotlar parvoz qiladi. “Toshkent” aeroportidan zamonaviy
Boing -767-300ER, Boing-757-200, A-310, RJ-85, Il-114-100, Tu-154, An -24,
Yak-40 rusumli yo‘lovchilar tashiydigan, shuningdek ,Il-76 va boshqa xil yuk
samolyotlari parvoz qiladi.