
O'zbekistonda
xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, kompozitor va dirijyor Xayri Izomov 30-
yillarda musiqa dunyosiga kirib keldi. U o'zbek professional
kompozitorilarining ikkinchi avlodiga mansub. O'zining ko'p qirrali ijodiy va
dirijyorlik faoliyati bilan respublikamiz musiqa san'ati rivojlanishiga munosib
hissa qo'shib kelmoqda. Izomov Xayri G'ulomjon o'g'li Buxoro shahrida, ziyoli
oilasida 1922 yilning 30 dekabrida tavallud topgan. 1928 yildan umumta'lim maktabida o'qidi. Bolaligidan musiqaga qiziqar edi.
1931 yili Buxoro musiqa texnikumida skripka bo'yicha o'qidi va 1935 yili
bitirdi. 1935-1936 yillarda Buxoro musiqali drama teatrida sozanda bo'lib
ishladi. Ma'lumki, 1936 yili T.Jalilov boshchiligida O'zbek davlat filarmoniyasi qoshida
o'zbek cholg'ulari ansambli tashkil topgan edi. Mazkur ansamblga boshqa
sozandalar qatori 14 yoshli Xayri Izomov ham ishga taklif qilindi. U 1937 yili
Moskvada o'tkazilgan O'zbekiston adabiyoti va san'ati dekadasida eng yosh
sozanda sifatida qatnashdi. X.Izomov 1964-1966 yillarda Afg'oniston hukumati
taklifiga binoan Qobul radiosida maslahatchi bo'lib ishladi. 1966 yili
Toshkentga qaytgach, radio qoshidagi «O'zbek halq cholg'ulari» orkestrida
dirijyor vazifasida ishini davom ettirdi. X.Izomov dirijyorlik va jamoatchilik ishlari bilan band bo'lishiga qaramay
musiqaning turli janrlarida yangi-yangi, jozibali asarlar yaratdi. U yaratgan
estrada qo'shiqlaridan «O, Dilbar», «Bu Muhabbat», «Salom-aleykum», «Ishva ko'z»,
(S.Xolmuhamedov so'zi) mashhur bo'lib ketdi. Bastakorlar uyushmasining ommaviy janrlar komissiyasiga uzoq yillar raislik qilgan. 1954 yili «O'zbekiston hukumatining
faxriy yorlig'i», 1967 yili «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist» va 1974
yili «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi» faxriy unvonlari va 2000
yilda «El- yurt hurmati » ordeni bilan taqdirlangan.