Kompozitor
Farhod Alimov hozirgi zamon o’zbek musiqa san’atining zabardast vakillaridan
biridir. U yorqin ijodiy faoliyati bilan XX asr 80-yillarining ikkinchi yarmida
O’zbekiston Bastakorlar uyushmasiga kirib keldi. Tez orada uning rang-barang,
jo’shqin va jozibali qo’shiqlari, o’zbek xalq cholg’u orkestriga va teatr uchun
yozgan asarlari bilan musiqa shinavandalari qalbidan joy olib, zamonaviy milliy
musiqa san’atining taraqqiyotiga F.Alimov ijodiy izlanishi va yutuqlari bilan
salmoqli hissa qo’shib kelgan. Alimov Farhod G’ulomjon o’g’li 1947 yilning 23
oktyabrida Toshkentda muhandis oilasida dunyoga keldi. 1954 yili Y.Oxunboboyev
nomidagi 45-o’rta ta’lim maktabiga o’qishga boradi. Farhodjonning musiqaga
qiziqqanini sezgan ota-onasi uni 1959 yili R.Glier nomidagi respublika musiqa
maktab-internatiga o’tkazadilar. Bu yerda u g’ijjak chalishni taniqli
o’qituvchi O.Xolmuhammedov sinfida o’rgandi. 1965 yili maktabni muvaffaqiyatli
tugatib, Toshkent
davlat konservatoriyasining o’zbek xalq cholg’ulari fakultetiga imtihonsiz
qabul qilinadi. Konservatoriyani 1970 yilda g’ijjak bo’yicha bitirib,
O’zbekiston radiosi qoshidagi o’zbek xalq cholg’ulari orkestriga sozanda bo’lib
ishga kirdi. Orkestrda ishlab yurgan paytlarida musiqa bastalashga intilib,
qo’shiq va kuylar yoza boshladi. Kompozitorlik malakasiga ega bo’lish uchun
1972 yili konservatoriyaning tayorlov kurslarida, so’ngra asosiy bosqichida
B.Gienkoda ta’lim oldi. 1975 yildan boshlab A.Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutida katta
o’qituvchi, 1933 yildan dotsent lavozimlarida ishladi. 1995 yildan e’tiboran Toshkent davlat
konservatoriyasi orkestr dirijyorligi kafedrasida dotsent lavozimida ishlagan. F.Alimov
musiqa san’atining deyarli barcha janrlarida samarali ijod qilmoqda. Uning
bastalangan asarlari simfoniya, ovoz va simfonik orkestr uchun konsert, “Maftuningman,
Toshkent!” (N.Narzullayev so’zi) vokal-xoreografik poemasi,
“Ona sayyorani asrang” (N.Narzullayev so’zi) kantatasi, “Ibn Sino hayotidan
lahzalar” simfonik poemasi, o’zbek xalq
cholg’ulari orkestri uchun “Shodiyona”, “Tabriknoma” va “To’yona”
uvertyuralari, “Konsert”, kamer orkestri uchun syuita, torli kvartet, jo’rsiz
xor uchun Navoiy ruboiylariga “Muhabbatnoma” turkumi, Bobur ruboiylariga “Dil
sadosi” turkumi kabi asarlari mazmundorligi, milliy ruhi va ta’sirchanligi
bilan ajralib turadi. Kompozitor F.Alimov 90-yillarning ikkinchi yarmidan
boshlab videofilmlarga musiqa yaratdi: “Mehrobdan chayon” (A.Qodiriy), “Yusuf
va Zulayho” (R.Bobojon), “Samarqand obidalari va muzeylari” (Hujjatli film),
“Vatan bizniki, qatorda bormiz” (Hujjatli film), “San’at maktabi” (hujjatli
film). Ijodkor zamonaviy qo’shiqchilik san’atiga katta e’tibor berib kelmoqda.
Asosan o’zbek xalq cholg’ulari orkestri va estrada xonandalari repertuarini
boyitish niyatida hozirgi kunga qadar 100 dan ortiq turli mavzularda qo’shiqlar
yaratdi. “Sen mening Vatanimsan”, “Buxoroga qayting, laylaklar”, “Xayr
Samarqand” (Xurshid Davron so’zlari), “Marhabo” (Ya.Qurbon she’ri), “Askar
yigit” va “Ohangga to’lsin” (B.Isroilov so’zlari), “Fasli bahor esingdami” va
“Muborak bo’lsin” (N.Narzullayev),
“Sevishganlar” (Anvar Hoji she’ri), “Bibixoningman” va “Futbol” (U.Azim
she’rlari), “O’zbekistonim senga” va “Sen qaydan bilasan” (A. Oripov
she’rlari), “Sevdim deganlaring yolg’ondir” va “Yiroqlashdim” (Cho’lpon
she’rlari) shular jumlasidandir. Kompozitor bolalarni ham esdan chiqarmay, ular
kuylaydigan qo’shiqlar ham yaratgan. Bular “Sariq jo’jalarim” (O.Po’latov
she’ri), “Oyijonim allasi”, “Yashasin, do’stlik”, “Yoz fasli” (T.Mahmudov she’rlari), “Posbon yigit”. Muqimiy
nomli teatr uchun quyidagi sahna asarlariga musiqa bastaladi: Musiqiy
tragi-komediya “O’lding, aziz bo’lding” (X.Xursandov p’esasi), musiqiy komediya
“Muhabbat tuyg’usi”, “Super qaynona-2”
(S.Imomov asari), musiqiy drama “Na falakman, na malak” . (N.Qobul asari),
musiqiy komediya “Oq kabutar” (O.Hakimov asari). Abror Hidoyatov teatri uchun
musiqiy komediya “Assalomu alaykum, qizlar” (Sigatelli p’esasi).