Urgut
tumani Samarqand viloyatining janubi-sharqiy qismida joylashgan. 1926 yil 29
sentyabrda tashkil etilgan. Maydoni 1,12 ming km2. Aholisi 348,2
ming kishi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, yahudiy,
ozarbayjon va boshqa millat vakillari ham yashaydi. O’rtacha zichligi 1 km2
ga 310,9 kishi (2005). Tumanda 1shahar (Urgut), 12 qishloq fuqarolari yig’ini
bor. Markazi — Urgut shahri Tuman Zarafshon tog’ tizmalarining davomi bo’lgan
Chaqilikalon va Qoratepa torlarining yon bag’irlarida joylashgan. Sharqiy, janubiy
va g’arbiy qismlari past-baland tekislik bo’lib, bir qancha soyliklar bor. Iqlimi
keskin kontinental. Chaqilikalon va Qoratepa tog’lari orasidagi Taxtaqoracha dovoni
(1675 m)
orqali Katta O’zbekiston trakti o’tadi. Marmar, ohaktosh, marganes, mis, vol’fram
va boshqa foydali qazilmalar bor. Oqqo’rg’on, G’ijduvonsoy, Urgutsoy, Qoratepasoy,
Darg’om, Yangiariq, Yangi Urgut va boshqa kanallar bor. Xo’jaligining yetakchi
tarmoqlarini Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish va mahalliy
sanoat tarmoqlari tashkil etadi. O’rta va kichik korxonalar, mikrofirmalar bor.
Meva, go’sht, sutni qayta ishlash, non pishirish, qandolatchilik, har xil salqin
ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari, ta'mirlash korxonalari ishlab turibdi. “Urg-Gazkarpet”, “Urg-ANTET YaShAM, “Urgut qoplon”,
“Urgut SamNegin” gilam ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo’shma korxonalar faoliyat
ko’rsatadi. Marmar toshni qayta ishlaydigan
“UrgutLADOmarmar”, qurilish buyumlari ishlab chiqaradigan “Samplastik”,
tamakini qayta ishlaydigan “UzBAT” qo’shma korxonalari ishlab turibdi. Tumanda hunarmandchilik
qadimdan rivojlangan. Qishloq xo’jalik g’alla, sabzavot, kartoshka, meva, uzum hamda
chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishga
ixtisoslashgan. Sug’oriladigan yerlarga paxta, don ekinlari, kartoshka,
sabzavot va poliz ekinlari,
yem-xashak ekinlari ekiladi. 1,4 ming ga yer bog’ va tokzor bilan band. 380 dan
ziyod fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Tuman jamoa va xususiy xo’jaliklarida
qoramol, qo’y va echki, parranda, yilqi boqiladi. Pillachilik rivojlangan. 127
umumiy ta'lim maktabi, 2 maxsus sog’lomlashtirish internati faoliyat ko’rsatadi.
70 jamoat kutubxonasi, madaniyat uylari bor. 8 kasalxona, 36 qishloq davolash bo’limi,
27 feldsher- akusherlik punkti va boshqa tibbiy muassasalar, dam olish maskanlari va yozgi
oromgohlar aholiga xizmat ko’rsatadi. 1992 yildan “Chinor” tuman televideniesi
eshittirishlar olib boradi.
Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi.
“O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2006.