Termiz
tumani. Surxondaryo viloyatining janubiy qismida joylashgan. 1926 yil 29 sentyabrda
tashkil etilgan. Maydoni 0,86 ming km2. Aholisi 79,8 ming kishi,
asosan, o’zbeklar, shuningdek, turkman, tojik va boshqa millat vakillari ham
yashaydi. 1 km2 ga 92,8 kishi to’g’ri keladi (2005). Tumanda 5 qishloq
fuqarolari yig’ini bor. Markazi – Uchqizil qishlog’i. Hududining sharqiy qismi Hisor
tog’ tizmasining davomi va uning etaklari, cho’llar, adirlar va qirlar bilan band.
Iqlimi kontinental. Amudaryo, Qorasuv, Sherobod daryolari tuman hududi orqali o’tadi.
Foydali qazilmalardan neft bor. Termiz shahridan 20 km quyida, Amudaryo o’rtasida
Payg’ambororol qo’riqxonasi joylashgan. Tumanda Zang kanali (Surxondaryodan suv
oladi), g’alaba. Amu-Zang (Amudaryodan suv oladi) sug’orish kanallari, Uchqizil suv ombori qurilgan. 4 qo’shma korxona, 14 aksiyadorlik jamiyati, 20 mas'uliyati cheklangan
jamiyatlar va 339 sanoat, qurilish va boshqa korxonalar bor, parrandachilik fabrikasi
ishlab turibdi. Sug’oriladigan yerlarga paxta, g’alla, sabzavot,
kartoshka, poliz ekinlari ekiladi. Yozda temperaturaning yuqoriligi, iliq-issiq
kunlarning uzoq davom etishi tumanda issiqsevar subtropik o’simliklar-ingichka
tolali paxta, xurmo va hatto shakarqamish, apelsin, mandarin yetishtirishga imkon beradi. 394 ga yer mevazor, 242 ga yer tokzor bilan
band. Ihota daraxtzorlari, o’rmonzorlar mavjud. 1858 fermer xo’jaligi faoliyat
ko’rsatadi. Jamoa va xususiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, parranda,
yilqi boqiladi. Tumanda 32 umumiy ta'lim maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, litsey,
bolalar musiqa, bolalar va o’smirlar sport maktablari faoliyat ko’rsatadi. Tuman
markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, 5 madaniyat uyi va klub muassasasi ishlab
turibdi. 2 kasalxona, 9 qishloq vrachlik, 18 feldsher-akusherlik punktlari va boshqa
tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi, 3 dorixona mavjud. “Jayranxona” bal’neologik shifoxonasi, Respublika tibbiy tiklanish
va fizioterapiya ilmiy tadqiqot institutining Termiz filiali, sayyohlik maskani
tashkil etilgan. Tuman markazidan Termizga avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan.
1990 yilda tumanda radioeshittirish va teleko’rsatuvlarni kuchlantirib beruvchi
teleminora (balandligi 368 m)
ishga tushirildi. Eski Termiz xarobalari, Qoratepa, Chingiztepa, Qirqqiz qal’asi,
To’rtauz gumbaz maqbarasi xarobalari, Uyiqgumbaz, Xo’ja Rushnoiy maqbaralari, Hakim
at-Termiziy, Sulton Saodat me'moriy majmuotlari, Katta masjid, Kokildor ota
xonaqosi kabi me'moriy yodgorliklar saqlangan.
Ma’lumot:
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”.
T.2006.