Yuqori
Chirchiq tumani- Toshkent
viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. 1959 yilda Parkent
tumani. 1962 yilda Bo’stonliq tumani qo’shildi. 1964 yildan Bo’stonliq- 1979
yildan Parkent tumani ajralib chiqdi. Shimoli-sharqdan Bo’stonliq va Parkent,
janub va janubi-sharqdan Ohangaron, janubi-g’arbdan O’rta Chirchiq, g’arbdan Toshkent shahri va Qibray
tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km2. Aholisi 112,5
ming kishi (2005). Tumanda 1 shaharcha (Yangibozor), 9 qishloq fuqarolari yig’ini
(Arg’inchi, Sosbaqa, Bordonko’l, Jambul, Oqovul, Navro’z, Saksonota, Surankent,
Tinchlik) bor. Tuman markazi — Yangibozor shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi
Chirchiq daryosining chap sohilidagi tekislikda, o’rtacha 550 m balandlikda joylashgan.
Iqlimi kontinental. Sharq va shimoldan Chatqol tizmasi bilan o’ralgan. Qishi
birmuncha sovuq, yozi issiq.- Yanvarning o’rtacha t-rasi —1,5° dan —2° gacha, eng
past t-ra — 20°. Iyulniki 25—28°, eng yuqori t-ra 41—42° gacha. Yillik o’rtacha
yog’in 350—400 mm. Vegetatsiya davri 200 kun. Tuman hududidan o’tgan Qorasuv,
Chirchiq daryolari, Parkent, Hondam kanallari, Oqqulik, Yoyilma, Qizilsoy soylaridan
qishloq xo’jalik ekinlarini sug’orishda foydalaniladi. Tuproqlari bo’z tuproq.
Yovvoyi o’simliklardan sho’ra, qamish, yulg’un; kiyiko’t, isiriq, gulxayri, qoraandiz,
qizilmiya, ermon singari dorivor giyohlar va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan
chiyabo’ri, tulki, ondatra, yumronqoziq, suvilonlar; qushlardan yovvoyi o’rdak,
tustovuq, qirg’ovul va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, koreys, rus, tatar va boshqa
millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichdigi 1 km2 ga
256 kishi (2005). Shahar aholisi 12950 kishi, qishloq, aholisi 99550 kishi
(2005). Xo’jaligi. Tuman iqtisodiyoti, asosan, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga
ixtisoslashgan. Paxta tozalash, qishloq xo’jaligi mashinalari ishlab chiqarish
tajriba zavodi, bosmaxona, MTP, tosh-shag’al maydalash va saralash kombinati,
avtokorxona, qurilish tashkilotlari, 300 kichik korxona va boshqalar ishlab
turibdi. 6 qo’shma korxona faoliyat ko’rsatadi. Tumanda 5 shirkat, 830 fermer xo’jaligi
mavjud. Sug’oriladigan yerlarda paxta, bahorikor yerlarda donchilik: shuningdek,
chorvachilik, pillachilik rivojlangan. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlarning
6,3 ming ga maydoniga paxta, 12,8 ming ga maydoniga g’alla, 1,1 ming ga yerga
sabzavot ekinlari ekiladi. Tutzor, pichanzor va yaylovlar bor. Bog’dorchilik,
tokchilik rivojlangan. Tuman xo’jaliklarida 29,5 ming qoramol, 14,9 ming qo’y
va echki boqiladi. Tumanda 40 umumiy ta'lim maktabi (24,2 ming o’quvchi),
bolalar musiqa maktabi, kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. 24 kutubxona, 6
madaniyat uyi, 10 klub muassasasi aholiga xizmat ko’rsatadi. 3 stadion, 35
sport zali, 37 futbol, 40 basketbol, 14 qo’l to’pi maydonlari bor. Tuman
markaziy kasalxonasi va uning bo’limlari, tug’ruqxona, poliklinika, 19 qishloq
vrachlik punkt, 2 ta dispenser, 4 feldsher-akusherlik punkti va boshqalar
tibbiy muassasalarda 149 vrach, 850 o’rta tibbiy xodim ishlaydi.
Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi.
“O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2006.