2014 yil 30-aprel kuni “Microsoft”
kompaniyasi “Windows” operatsion tizimining “Windows 10” deb nomlangan yangi
versiyasini taqdim etdi. Ushbu operatsion
tizimning yangi versiyasi “Windows 9”
yoki boshqa biror bir nom bilan nomlanishi kutilayotgan edi. Ammo hech kim “Windows”ning
yangi versiyasi “Windows 10”
deb nomlanishini taxmin qilmagan edi. “Windows 10” operatsion tizimi “Windows 7” bilan o‘xshash va “Windows 8”dan
ayrim xususiyatlarni o‘ziga olgan. Bu bilan yangi “Windows” versiyasi sensorli
ekran va klaviatura hamda sichqoncha yordamida kompyuterdan
foydalanuvchilarning barchasiga mos keladi. “Windows 7” klaviatura va sichqonchada
kompyuterdan foydalanuvchilar uchun qulay, “Windows 8” esa sensorli ekranga ega
kompyuterlar uchun ishlab chiqarilgan va ko‘pchilikka aynan shu xususiyati
sabab ma’qul kelmagan edi. Yangi versiyaga bir qancha ish stollari bilan
ishlash funksiyasi qo‘shilgan. Bunda bir nechta ish stolida alohida vazifalarni
bajarish va ulardan bir-biriga ma’lumotlarni ko‘chirish mumkin. “Windows 10”ga
yana Start Menu – “Pusk” tugmasi qaytarilgan va undagi izlash funksiyasi
takomillashtirilgan. “Windows”ning o‘ninchi
versiyasi 4 dyuymdan 80 dyuymgacha bo‘lgan displeylar uchun mo‘ljallangan deb
aytildi. Bundan tushunish mumkinki, yangi “Windows” versiyasi telefon, planshet
va kompyuterlar uchun birdek mo‘ljallangan. Shuningdek, “Windows”ga “One
product family, One platform. One store” - bitta mahsulot oilasi, bitta
operatsion tizim, bitta do‘kon deya ta’rif berildi. Hozirda istalgan kishi “Windows Insider Program”ga a’zo bo‘lib, “Windows 10”
operatsion tizimini sinab ko‘rishi mumkin. “Windows 10”ning to‘liq turi
esa 2015-yilning ikkinchi yarmida barcha uchun foydalanishga topshiriladi.