
YOQUB AHMEDOV
(1938)
Iste'dodli teatr
va kino aktyori Yoqub
Ahmedov 1938 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent
teatr va rassomlik san'ati institutini tugatgach, 1958 yildan beri Hamza nomidagi
O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatrida aktyor, 1992 yildan
beri esa shu teatrning direktori sifatida faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Yo.
Ahmedov mazkur jamoada ishlash jarayonida ellikdan ortiq spektakllarda asosiy
rollarni mahorat bilan talqin etdi. U dastlab Uyg‘unning «Parvona» asari asosida
sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini ijro etdi. Aktyor bu birinchi
mustaqil rol ustida tinimsiz mehnat qildi, izlandi. Murodjon uning sevimli
rollaridan bo‘lib qoldi. U roldan-rolga o‘sib borib, keyinchalik qator ajoyib
obrazlar turkumini yaratdi. Shu o‘rinda u yaratgan ba'zi obrazlarni eslash joizdir:
Oq yigit (Mustay Karim, «Oy tutilgan tunda», 1966), Protey (V. Shekspir, «Veronalik
ikki yigit», 1966), Dulchin (A. Ostrovskiy, «So‘nggi qurbon», 1967), Beruniy
(Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy», 1973), Kreont (Sofokl, «Antigona», 1977), Karenin
(L.Tolstoy, «Tirik murda», 1978), Gorodulin (A. Ostrovskiy, «Har to‘kisda bir
ayb», 1982), Solihboy (Hamza, «Boy ila xizmatchi», 1982), Bobur (P. Qodirov,
«Yulduzli tunlar», 1983), Abay (M. Avezov, «Abay», 1983), Shohjahon (Uyg‘un, «Zebunniso».
1983). Otello (V. Shekspir, «Otello», 1984), Yusufbek hoji (I. Sulton, «Abdulla
Qodiriyning o‘tkan kunlari», 1988), Alisher
Navoiy (Uyg‘un, I. Sulton, «Alisher Navoiy». 1991). Bu ro‘yxatni yana davom ettirish
mumkin.
Aktyor
ijodida, ayniqsa, Ali Qushchi (M. Shayxzoda, «MirzoUlug‘bek»). Kreont (Sofokl,
«Antigona»), Shohjahon (Uyg‘un, «Zebunniso») obrazlari muhim o‘rin tutadi. Ular
Hamza teatrida yaratilgan nodir obrazlar qatoridan joy oldi desak, mubolag‘a
bo‘lmaydi. Y. Ahmedov o‘zi yaratayotgan xarakterning ichki dunyosini, o‘ziga xos
xususiyatlarini ko‘z qarashlar, imo-ishoralar, sahna harakatlari orqali yorqin
va chuqur ochishga mohir aktyorlardandir.
Uning o‘ziga xos jarangdor va ta'sirchan ovozi, so‘zlash mahorati bor.
Bu ovoz hech kimni befarq qoldirmaydi. Aktyor obraz yaratar ekan, unga tabiat in'om
etgan ana shu betakror imkoniyatdan to‘la foydalanishga harakat qiladi.
Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Bobur, Furqat, Ali Qushchi, Abay kabi
buyuk zotlar, olimu fozil kishilar obrazlarini yaratish Yoqub Ahmedovga ham nasib
etgan. Bu aktyordan katta mas'uliyat, tinimsiz mehnat, tarixiy o‘tmish voqealarini
chuqur o‘rganishni talab etar edi.
San'atkor bu mas'uliyatni yurakdan his etib, ko‘zlangan maqsadga erishdi.
Yoqub Ahmedovni kino san'ati muxlislariga ilk bor tanitgan obraz - Turob
To‘la ssnenariysi asosida rejissyor Y. A'zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan
«Furqat» badiiy filmidagi Furqat obrazi bo‘ldi. Shundan keyin u kinoda o‘ttizdan
ortiq obrazlar yaratdi. Uning ijodiga mansub Okxoy («Gang daryosining qizi»),
Qodirov («Zumrad»), Azizbek («O‘tkan kunlar»), Sultonali («Mehrobdan chayon»)
va boshqa obrazlarni alohida ta'kidlash o‘rinlidir. U «Alibobo va qirq qaroqchi»
filmida ham suratga tushdi. Shuningdek, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan
to‘rt yuzdan ortiq filmlarga ovoz berdi.
Yoqub Ahmedov «O‘zbektelefilm» ijodkorlari yaratgan «Alisher Navoiy»,
«Ulug‘bek xazinasi», «Diyonat», «Girdob», «Ichkuyov» va boshqa videofilmlarda yetakchi
rollarni maromiga yetkazib ijro etdi. U yaratgan Alisher Navoiy obrazi aktyor ijodida
muhim o‘rin egallaydi.
Y.Ahmedov iqtidorli aktyor, mohir tashkilotchi sifatida mamlakatimiz
madaniy hayotida, respublika va viloyatlarda o‘tkazilayotgan madaniy-ma'rifiy
tadbirlarda, yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalash ishida
faol qatnashib kelmoqda.
San'atkorning ko‘p qirrali va sermahsul ijodiy faoliyati munosib taqdirlandi.
Unga «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni berildi. 1977 yilda Davlat mukofotiga
sazovor bo‘ldi. 1997 yilda esa «Do‘stlik», 2005 yilda «Mehnat shuhrati» ordenlariga
munosib ko‘rildi.
Shokirov
O’. O’zbek san’atkorlari. T.,2010