Yangiqo’rg’on tumani – Namangan viloyatidagi tuman. 1926 yil 29
sentyabrda tashkil etilgan. G’arbdan Kosonsoy, janubdan Namangan va Uychi tumanlari, shimoli – g’arb,
shimoli va sharqda Chortoq tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,54 ming km2.
Aholisi 166,7 ming kishidan ziyod (2005). Tumanda 1 shaharcha (Yangiqo’rg’on),
11 qishloq fuqarolari yig’ini (Bekobod, Birlashgan, Zarbdor, Zarkent, Istiqlol,
Navkent, Navro’zobod, Nanay, Paromon, Sharq Yulduzi, Qorapolvon) bor. Markazi —
Yangiqo’rg’on shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi Chatqol tizmasining janubiy etaklarida joylashgan,
Yer yuzasi tekislik va adirlardan iborat. Balandligi janubdan shimolga 300 m dan, o’rta qismida 1500 m gacha, shimolda 1500
— 2000 m.
Foydali qazilmalardan neft, mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan qurilish materiallaridan
shag’al, ohaktosh, gil tuproqlar bor. Iqlimi kontinental: yozi issiq va quruq, qishi
sovuq. O’rtacha temperatura yanvarda —1 gradusdan —4gradusgacha, iyulda 25° —
26°. Eng past t-ra qishda —29 gradus, eng yuqori t-ra yozda 40°. Yillik yog’in
300 - 400 mm.
Vegetatsiya davri 175 kun. Tog’lardan katta-kichik soylar oqib tushadi.
Ularning ba’zilari yozda qurib qoladi. Eng yirik soylari: Chortoqsoy,
Namangansoy (yuqori qismda Pochchaotasoy), Quruqsoy (Changach), Soylardan bahorda
ba'zan kuchli sel keladi va xo’jaliklarga katta zarar yetkazadi. Ayrim joylarda
selxonalar qurilgan. Soylar suvidan sug’orishda foydalaniladi. Tuprog’i,
asosan, tipik bo’z tuproq, eng shimoliy chekkasida qisman to’q tusli bo’z tuproq.
Shimoli -sharqiy qismida qumli-chaqir yerlar bor. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar
o’zlashtirilgan. Tabiiy o’simliklar, asosan, adirlarda saqlangan. Efemer o’tlar
va butalar o’sadi. Adir o’simliklarini o’rganish va ularni boyitish bo’yicha O’zbekiston
FA Botanika institutining tajriba uchastkasi faoliyat ko’rsatadi. Yovvoyi hayvonlardan
tulki, yumronqoziq, toshbaqa, turli xil ilonlar, kaltakesaklar; kushlardan
kaklik, ular va boshqalar yashaydi. Suvlarida har xil baliqlar bor. Aholisi,
asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham
yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 309 kishi. Shahar aholisi
16,1 ming kishi, qishloq aholisi 150,6 ming kishiga yaqin. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq
xo’jaligiga ixtisoslashgan. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash, g’isht, vino
zavodlari, tikuv-trikotaj fabrikasi, atlas to’qish sexlari, qurilish
tashkilotlari, MTP, avtokorxona, non kombinati, dehqon bozori, savdo, madaniy
va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 300 ga yaqin yirik, o’rta
biznes, kichik korxonalar, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. 3 qo’shma korxona
mavjud. Qishloq xo’jaligining
yetakchi tarmog’i — paxtachilik, sabzavotchilik, g’allakorlik va chorvachilik,
meva yetishtirish ham rivojlangan. 628 fermer, 12 shirkat xo’jaligi ishlab
turibdi. Ekin maydonlariga paxta, bug’doy, makkajo’xori, sabzavot, kartoshka, poliz
ekinlari ekiladi. Mevazor va tokzorlar bor. 60 umumiy ta'lim maktabi, bolalar
musiqa va sport maktablari, 2 litsey-internat, kasb-hunar kollejlari mavjud.
Tuman markaziy kutubxonasi. 17 klub muassasalari, madaniyat uylari, sport
majmuasi ishlab turibdi. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona, 2
feldsher-akusherlik punkti, 19 qishloq vrachlik punkti va boshqa tibbiy
muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududidan respublika ahamiyatidagi
Chortoq — Nanay avtomobil trakti o’tgan.
Ma’lumot:
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”.
T.2006