SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
ARXIV
Mart 2023
YaDuSeChPaJuSh
   1234
567891011
12131415161718
19202122232425
2627283031 
Taniqli o‘zbek aktrisasi Shohida Ma'zumova tavallud topgan kun
1907-01-12

SHOHIDA MA'ZUMOVA

(1907-1988)

Taniqli o‘zbek aktrisasi Shohida Ma'zumova 12 yanvar 1907 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1925 yilda xotin-qizlar pedagogika bilim yurtini, 1954 yilda A. Ostrovskiy nomidagi Teatr va rassomlik san'ati institutining rejissyorlik fakultetini tugatgan.

Sh. Ma'zumova 1925-1929 yillarda xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida muallima, 1929-1961 yillarda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)da aktrisa bo’lib ishlagan. 1961 yildan to umrining oxirigacha A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlab, butun malakasi va katta tajribasini yosh aktyorlarni tarbiyalashdek muhim ishga bag‘ishladi.

Shohida Ma'zumova 1929 yilda Hamza teatrida sahnalashtirilgan G‘ulom Zafariyning «Halima» spektaklidagi Halima obrazi bilan san'atga kirib keldi va o‘ttiz yil tinimsiz ijodiy izlanish natijasida g‘arb va rus dramaturglari hamda o‘zbek ijodkorlarining o‘nlab spektakllarida bosh rollarni ijro etdi. O‘zi bir necha spektakllarni sahnalashtirib, san'atda o‘z o‘rnini topdi, rejissyor, iste'dodli aktrisa sifatida xalq hurmatiga sazovor bo‘ldi.

U yaratgan Shirin (Xurshid, «Farhod va Shirin», 1930), Turandot (K. Gotsi, «Malikai Turandot», 1930). Sultonbegim (M. Shayxzoda «Jaloliddin» 1944), Alisa (O. Turi Chuqur ildizlar, 1948), Sanobar (K. Yashin, A. Umariy. «Hamza», 1949), Muattar (N. Safarov, «Sharq tongi». 1950), Surmaxon (B. Rahmonov, «Yurak sirlari» 1953), Amaliya (F. Shiller, «Qaroqchilar». 1955) kabi obrazlar hayotiyligi, tabiiyligi, ta'sir kuchining zo‘rligi va katta jozibasi bilan o‘zbek teatr san'atida o‘z  o‘rniga egadir.

Aktrisa, ayniqsa, Surmaxon obrazida hayotga yuzaki yondashuvchi, yengil tabiatli, tantiq ayollarning umumlashma obrazini shunday jonli va katta joziba bilan yaratdiki, natijada Surmaxon ismi ommalashib, shu xildagi ayollarni xalq Surmaxon deb atay boshladi. Bu faqat katta iste'dod sohibasi Sh. Ma'zumovaninggina emas, balki dramaturg va teatr ijodiy jamoasining ham katta yutug‘i edi. Aktrisa yaratgan boshqa obrazlar haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin.

Ba'zi yetakchi san'atkorlarning aktyorlik bilan rejissyorlik ishini baqamti olib borish odati Hamza teatri ijodkorlariga ham xos xususiyatdir. Biroq, bunday san'atkorlarni barmoq bilan sanash mumkin. Shohida Ma'zumova ana shunday qo‘shaloq iste'dod egasi bo‘lgan san'atkor edi. U 1954 yilda Buxoro teatrida Bahrom Rahmonovning «Yurak sirlari», 1956 yilda Hamza teatrida Odil Yoqubovning “Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi» (Olim Xo‘jayev bilan hamkorlikda), 1957 yilda Hamzaning «Paranji sirlari» spektakllarini sahnalashtirdi.

Shuningdek, Sh. Ma'zumova aktyorlik, rejissyorlik faoliyatini pedagoglik bilan birga olib bordi, ko‘plab iste'dodli yosh aktyorlarning teatrda o‘z o‘rinlarini topishlarida sidqidildan mehnat qilib, ustoz san'atkor sifatida katta hurmat va e'tiborga sazovor bo‘ldi.

Iste'dodli san'atkor va pedagog Shohida Ma'zumovaning ko‘p qirrali ijodiyoti munosib taqdirlangan. 1955 yilda unga «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berilgan edi.

Shohida Ma'zumova 1988 yilda Toshkentda vafot etdi.

 

Shokirov O’. O’zbek san’atkorlari .- T.,2010


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan