Sherobod tumani - Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda
tashkil etilgan. Tuman shimoldan Boysun, shimoli-sharqdan Bandixon, sharqdan Qiziriq,
janubdan Muzrabot, janubi-sharqdan Angor tumanlari, shimoli-g’arbdan Qashqadaryo
viloyati, g’arbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 2,73 ming km2. Aholisi
134 ming kishi (2003). Sherobod tumanida 1 shahar (Sherobod), 9 qishloq fuqarolari
yig’ini (Bo’ston, Zarabog’, Oqqo’rg’on, Rabotak, Sariqamish, Seplon, Talashqon,
Chinobod, Yangiturmush) bor. Markazi — Sherobod shahri. Tabiati. Rel’efi
tekislik, adir va tog’likdan iborat. Tekislik qismi cho’l landshaftli. Tuman g’arbida
Ko’hitang tog’ tizmasi (eng baland joyi Ayri ota cho’qqisi, 3139 m), tog’lar orasida zarabog’
va Pashxo’rd botiqlari joylashgan. Janubi-g’arbidan shimoli-sharqqa tomon
Sherobod-Sariqamish qirlari o’tadi. Foydali qazilmalardan katta zaxiraga ega bo’lgan
osh tuzi, oltingugurt, ko’mir, yonuvchi slanes, marmar, granit va qurilish
materiallari konlari mavjud. Iqlimi quruq, subtropik iqlim. Yillik o’rtacha
t-ra 18°. Yanvarning o’rtacha t-rasi tekislik qismida 3,6°, tog’larda —6°, eng
past t-ra —20°. Iyulning o’rtacha t-rasi 32,1°, eng yuqori t-ra 48°. Yiliga 150 mm yog’in tushadi, g’arbiy
tog’ oldi zonasida 500 mm
ga yetadi. Vegetatsiya davri 266 kun. Tuman hududidan Sherobod daryosi va uning
Maydon, Ilonsoy, Laylagonsoy, irmoqlari o’tadi. Tumanning janubiy chegarasi bo’ylab
Zang kanali, sharqdan Sherobod magistral kanali oqadi. Oqtosh, Pashxo’rd, Zarabog’ qishloqlari
atroflarida qadimda foydalanib kelinayotgan korizlar bor. Tekislikda och va to’q
bo’z tuproqlar, adirlarda arid, tog’larda sur tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi o’simliklardan
archa, mavrak, kiyiko’t, tog’rayhon, kovrak, shuvok, Vandob qishlog’i
atroflarida shirinmiya, zanjabil, rovoch va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan
bo’ri, tulki, jayran, kalamush, qo’shoyoq, yumronqoziq, jayra, ko’rsichqon, to’qayzorlarda
to’qay mushugi, qobon, chiyabo’ri; qushlardan kaklik, mayna, qaldirg’och, so’fiturg’ay,
chil, ko’rshapalak, g’oz, o’rdak; sudraluvchilardan, o’qilon, gekkon, ko’zoynakli
ilon va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar (95,9%), shuningdek,
tojik, rus, turkman, tatar, qozoq, koreys va boshqa millat vakillari ham
yashaydi. Aholi zichligi 1 km2 ga 50 kishi. Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash,
keramika, g’isht, un zavodlari, MTP, “Xo’jaikon” tuz koni, “Kampirtepa” granit
kar’eri, 130 dan ziyod xususiy firma, 16 aksiyadorlik jamiyati, dehqon bozori, qurilish
va transport korxonalari, 250 savdo, 170 maishiy xizmat, 50 jamoa ovqatlanish
ob’ektlari bor. Qishloq xo’jalik, asosan, paxtachilik, g’allachilik va
chorvachilikka ixtisoslashgan. Sabzavotchilik, polizchilik, pillachilik ham
rivojlangan. Sherobod tumanida
11 shirkat, 3 dehqon fermer xo’jaliklari uyushmasi, 256 fermer, 1
asalarichilik, 2 qorako’lchilik xo’jaliklari mavjud. Sug’oriladigan yerlarning 16,5 ming gektariga paxta, 13,4 ming gektariga
g’alla ekiladi. Shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlari, uzum,
meva ham yetishtiriladi. 24,7 ming gektar yer o’rmonzor, 2,2 ming gektar yer ko’p
yillik daraxtzor, 127 ming gektar yer yaylov bilan band (2003). Tuman jamoa va
shaxsiy xo’jaliklarida 32,6 ming qoramol (shu jumladan, 15,3 ming sigir), 122,6
ming qo’y va echki, 57,3 ming parranda, 800 dan ziyod yilqi boqiladi, Tumandagi
65 umumiy ta’lim maktabida 37 ming o’quvchi ta’lim oladi (2003), 4 kasb-hunar
kolleji, akademik litsey, madaniyat va istirohat bog’i, 7 klub va madaniyat uyi,
o’lkashunoslik muzeyi, markaziy kutubxona va uning tarmoqlari mavjud. 2 stadion, 18 sport zali, 316 sport maydonchasi, sport
majmuasi faoliyat ko’rsatadi. 5 kasalxona (shu jumladan, 2 tasi qishloqda), 24
ambulatoriya-poliklinika, 51 fel’dsher-akusherlik punkti, 10 qishloq vrachlik
punkti, tez yordam punkti, 13 dorixona aholiga xizmat ko’rsatadi. Tibbiy
muassasalarda 165 vrach, 1137 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududida “Oqtosh”
va “Vandob” sanatoriy va sog’lomlashtirish oromgohlari joylashgan. Sherobod—Qumqo’rg’on,
Sherobod— Angor—Termiz va boshqa yo’nalishlarda avtobuslar qatnaydi. Arxeologik
topilmalar Sherobod tuman hududi qadimiyligini tasdiqlaydi. Tuman hududida ibtidoiy
san’atga tegishli Zaravutsoy rasmlari, Jarqo’ton va Jondavlattepa qadimgi shahar
xarobalari, Nondahana inshooti (19— 20-asr boshlari) bor. Hozirgi Sherobod
tumani hududidan islom olamidagi mashhur muhaddis Imom Termiziy yetishib chiqqan.
Tumanda Imom at-Termiziy maqbarasi saqlangan.
Ma’lumot:
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”.
T.2005.