
Angliyalik yozuvchi Uilyam Golding 1911 yilning 19 sentyabr kuni Kornuoll grafligidagi Sent-Kolam-Mayner qishlog’ida tavallud topgan. Uilyamning otasi Alek Golding maktabda o’qituvchilik qilar, onasi esa feminizm tarafdori edi. Golding Malborrodagi o’rta maktabda va Oksford universitetida tahsil olgan. U yetti yoshidan ijod bilan shug’ullana boshlagan, 1934 yilda, ya'ni bakalavr darajasini olishiga bir yil qolganida, ilk she'riy to’plami chop etilgan. 1939 yilda Golding tahliliy kimyo bo’yicha mutaxassis bo’lgan Enn Brukfeldga uylanadi, Vodsort yepiskopi maktabiga ingliz tili va falsafa o’qituvchisi sifatida ishga joylashadi va 1961 yilgacha shu yerda faoliyat ko’rsatadi. AQShning Virjiniya shtatidagi Xollinz kollejda bir yil o’qituvchi bo’lib ishlagach, muallimlik faoliyatini to’xtatib, o’zini butunlay adabiyotga bag’ishlaydi. 1982 yilda adib “Harakatdagi nishon” deb nomlangan esselar to’plamini nashr ettiradi. 1983 yilda Goldingga “real bayon qilish san'atining yorqin namunasi bo’lgan va afsonalarning rang-barangligi va universalligi bilan uyg’unlashgan holda insonning zamonaviy olamda yashash sharoitlariga kirib borishga xizmat qiluvchi romanlar uchun” adabiyot sohasidagi Nobel mukofoti beriladi. Goldingning hayoti va ijodi uzoq yillar mobaynida tanqidchilar tomonidan turlicha baholab kelingan. Masalan, amerikalik tanqidchi Stenli Edgar Xaymen uni “Angliyada davrning eng qiziqarli yozuvchisi” deb hisoblaydi. Golding 1955 yilda adabiyot bo’yicha Qirollik jamiyatiga saylangan. U bu paytda xotini Uiltshir bilan Solsberi yaqinida yashagan, ularning ikki farzandi bor edi. Yoshligida ashaddiy ovchi bo’lgan Golding umrining so’nggi yillarida fortepyano chalishga qiziqib qolgan, shuningdek, grek tili bilan shug’ullanadi va arxeologiya haqidagi adabiyotlarni o’qiydi. Yozuvchi 1993 yilning 19 iyun kuni sakson ikki yoshida vafot etgan.