SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
ARXIV
Iyun 2023
YaDuSeChPaJuSh
    123
4678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 
Xorazm viloyatidagi Yangiariq tumani topgan kun
1926-09-29

Yangiariq tumani  - Xorazm viloyatidagi tuman, 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Shimoldan Xonqa, sharqdan Bog’ot, g’arbdan Xiva tumanlari, janubdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,40 ming km2. Aholisi 84,5 ming kishi (2005). Tumanda 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Gullanbog’, Gulobod, Kattabog’, Ostona, Oxunboboyev, Tagan, Chig’irchi, Yangiariq, Quruqtom) bor. Markazi — Yangiariq qishlog’i. Tabiati. Tuman hududi viloyatning janubi-sharqida joylashgan. Relyefi, asosan, pasttekislikdan iborat. Janubidagi kattagina maydon qum barxanlari bilan band. Obulko’l, Multang, Sho’rko’l, Jirmizko’l va boshqa kollektorlar bor. Tuman xo’jaliklari Ostona, Oqmachit, Quruqtom, Tagan, Kattabog’ va Amudaryodan chiqqan magistral kanallaridan suv oladi. Tuman hududida ko’l ko’p. Ulug’sho’rko’l, Obulko’l, Tangali, Bayotko’l, Kichikko’l va boshqalar shular jumlasidan. Ularning aksariyati bir biri bilan tutashtirilgan. Tuman ko’llari baliqchilikda viloyatda yetakchi o’rinni egallaydi. Ko’llar negizida ixtisoslashtirilgan baliq kombinati tashkil etilgan. Iqlimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha t-ra 11,8°. Yanvar oyining o’rtacha t-rasi — 4,5°, eng past t-ra —31°. Iyul oyining o’rtacha t-rasi 27°, eng yuqori t-ra 45°. Vegetatsiya davri 208 kun. Yiliga 82 mm yog’in tushadi. Yog’inning asosiy qismi bahorda yog’adi. Tuproqlari, asosan, sho’rlashgan o’tloq va o’tloqi bo’z tuproqlardan iborat. Tuproq sho’ri kollektor yordamida yuvib turiladi. Yovvoyi o’simliklardan changal, oqbosh, yantoq, sho’ra, pechak, ajriq, qamish, yakan va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, quyon, ondatra, kalamush va boshqalar; parrandalardan o’rdak, g’oz, qashqaldoq, chag’alay, qarg’a, chumchuq va boshqalar ko’p. Aholisi, asosan, o’zbeklar, (96%), shuningdek, turkman, tatar, koreys, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 211,2 kishi. Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, g’isht, meva konservalash zavodlari, ta'mirlash ustaxonasi. O’rta Osiyo — Markaz gaz quvurining 3-kompressor stansiyasi, Xorazm baliq kombinati, baliq dudlash sexlari, qurilish tashkilotlari, MTP, avtokorxona, 100 ga yaqin kichik, o’rta biznes va yirik korxonalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, dehqon bozori, 1100 dan ziyod mikrofirma bor. O’zbekiston — Turkiya qo’shma korxonasi (kalava ip ishlab chiqariladi) ishlab turibdi. Shisha ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. Tuman qishloq xo’jaligi asosan, paxtachilik va g’allachilikka ixtisoslashgan, shuningdek, chorvachilik, baliqchilik, pillachilik, sabzavotchilik, bog’dorchilik ham rivojlangan. Qishloq xo’jaligida 8 shirkat xo’jaligi, 2 aksiyadorlik jamiyati, 17 qishloq xo’jalik korxonasi, 6 xususiy ferma, 1 ijara xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Yangiariq tumanida jami ekin maydoni 13 ming ga dan ziyod, shu jumladan, 6,5 ming gektar yerga paxta, 1,7 ming gektarga yerga don, 164 ga yerga sabzavot ekinlari ekiladi. Yangiariq tumanidagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 30 mingdan ziyod qoramol, 19,8 mingga yaqin qo’y va echki, 108 mingdan ziyod parranda boqiladi (2004). Tumanda 40 umumiy ta'lim, bolalar sport maktabi, 4 kasb-hunar kolleji bor. Tuman markaziy kutubxonasi va uning 40 ta tarmog’i 24 klub muassasasi. madaniyat uylari faoliyat ko’rsatadi. Stadion, 34 sport zali va boshqa sport inshootlari ishlab turibdi. Tuman markaziy kasalxonasi (210 o’rin) va uning bo’limlari, 2 tish davolash poliklinikasi, 14 feldsher-akusherlik punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 7 qishloq vrachlik punkti, dorixonalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Ushbu tibbiy muassasalarda 161 vrach, 714 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Yangiariq tumani hududida Shayx Muxtor Valiy me'moriy majmuasi (14-asr) saqlangan. 1936 yildan “Yangiariq ovozi” gazetasi nashr etiladi (adadi 927; 2005 yil).

Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2006.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan